Koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari uchun qoʻshimcha 1,3 trln. soʻm ajratiladi

14:24 21 Oktyabr 2021 Siyosat
220 0

Фото: Олий Мажлис Сенати

Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida»gi Qonun koʻrib chiqildi.

Maʼlumki, respublikamizda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonlarini izchil davom ettirish, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash, koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish hamda aholi farovonligini yuksaltirish maqsadida Prezidentning qator Farmon va qarorlari qabul qilingan. Oʻz navbatida, bu borada davlat dasturlari hayotga tatbiq etilgan. Ularda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash esa qoʻshimcha moliyalashtirish manbalarini talab qilmoqda.

Shu maqsadda 2021-yil uchun Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunga, davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlari boʻyicha oʻzgartish kiritilmoqda.

Xususan, investitsiya dasturlariga 6,0 trln. soʻm, ayrim muassasalarga kiritilgan qoʻshimcha shtat birliklarini moliyalashtirish uchun 1,4 trln. soʻm hamda mudofaa va huquqni muhofaza qiluvchi organlarni saqlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash xarajatlariga 1,4 trln. soʻm ajratilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, joriy yilda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari uchun rejalashtirilgan 3,0 trln. soʻm mablagʻ toʻliq ishlatilganligi tufayli qoʻshimcha mablagʻ zaxirasini yaratishga 1,3 trln. soʻm ajratiladi.

Qonunda davlat-xususiy sherikligi asosida maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar berish hamda bolalar qamrovi ortganligi sababli 1,1 trln. soʻm qoʻshimcha subsidiya ajratish, qolaversa, “Yangi Andijon” shaharchasini barpo etish va Andijon viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirishga 1,3 trln. soʻm mablagʻ yoʻnaltirish nazarda tutilgan. Taʼkidlash joizki, Qonun bilan ushbu qoʻshimcha xarajatlarni qoplash manbalari ham belgilab berilmoqda. Amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ana shu tadbirlarning Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari taqchilligining tasdiqlangan miqdori doirasida boʻlishi ham nazarda tutilgan.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?