Koronavirusga qarshi kurashda qahramonlik koʻrsatgan tibbiyot xodimlari sharafiga memorial majmua ochildi

23:31 22 Iyul 2022 Jamiyat
517 0

Koronavirus pandemiyasi dunyo aholisi uchun katta sinov boʻldi. Bu davrda hatto eng rivojlangan mamlakatlar ham koʻplab muammolarga duch keldi. Shunday ogʻir damlarda tibbiyot xodimlari insoniyatning joniga ora kirdi. Oʻz hayotini xatarga qoʻyib boʻlsa-da, xavfli virus bilan kurashga otlandi.

COVID-19 pandemiyasi davrida xalqimiz salomatligi yoʻlida jonini fido qilgan barcha tibbiyot xodimlari sharafiga Samarqand davlat tibbiyot universitetida ochilgan memorial majmua ularga boʻlgan ehtiromning yorqin ifodasi, deyish mumkin.

Majmuaning tantanali ochilish marosimida Sogʻliqni saqlash vaziri B.Musayev, viloyat sogʻliqni saqlash muassasalari rahbarlari, Samarqand davlat tibbiyot universiteti professor-oʻqituvchilari ishtirok etdilar.

Vazir oʻz soʻzida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda tibbiyot xodimlarining mehnati va koʻrsatgan qahramonliklari, xalqimiz salomatligi yoʻlidagi fidoyi mehnati barcha uchun yuksak ibrat namunasi boʻlganini taʼkidladi.

Universitet rektori Jasur Rizayev oʻz soʻzida pandemiya bilan kurashda jonini jabborga berib xalqimiz salomatligi yoʻlida samarali mehnat qilgan, hayot bilan vidolashgan oliygoh xodimlarini esladi, “Oq xalatli qahramonlar”ning koʻrsatgan matonat va jasorati xalqimiz qalbida mangu qolishiga ishonch bildirdi.

Xotira barelyefining tantanali ochilish marosimidan soʻng mehmonlar Samarqand davlat tibbiyot universitetining yangi binosidagi fundamental tibbiyot kafedralari, oʻquv-amaliy laboratoriyalar, talabalar innovatsion-inkubator markazi imkoniyatlari hamda universitet tarixi muzeyi bilan yaqindan tanishib, bu yerda talabalarning intellektual salohiyatini rivojlantirish uchun yaratilayotgan sharoitlarni yuqori baholadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?