Koronavirusga qarshi ikkinchi avlod vaksinasining xalqaro klinik sinovlariga start berildi

21:21 07 Noyabr 2022 Jamiyat
365 0

Joriy yilning 7-noyabr kuni bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston va Xitoyda videokonferensiya shaklida Omikron-Delta shtammiga (yangi koronavirus vaksinasining ikkinchi avlodi) qarshi yangi rekombinant oqsilli vaksinasining xalqaro klinik sinovini boshlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, vazir oʻrinbosari Shaxlo Turdiqulova, Oʻzbekistonning Xitoydagi elchisi Farxod Arziyev, Virusologiya ITI direktori Erkin Musabayev, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi oʻrinbosari Botir Qurbonov, Ichki ishlar vazirligi tibbiyot birlashmasi boshligʻi Shuhrat Nishonov, akademik Gao Fu, Xitoy kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi direktori Cao Jinghua, Xalqaro alyans kotibiyati ijrochi direktori “Bir makon, bir yoʻl” (ANSO) ilmiy tashkilotlari va Anhui Zhifeilongcom Biopharmaceutical Co., Ltd ijrochi prezidenti Tao Lifeng xonim hamda boshqa mutasaddilar klinik sinovga rasman start berish marosimida ishtirok etdi.

— Oʻzbekiston yangi koronavirus vaksinasining ikkinchi avlod vaksinasi hamkorlikda yaralib, tadqiqotlar va klinik sinovlar oʻtkazilayotganidan mamnunmiz, — dedi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov. — Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi ikkinchi avlod vaksinalari boʻyicha hamkorlik muvaffaqiyatli yakunlanib, Oʻzbekiston va barcha mamlakatlar uchun yangi imkoniyatlar ochishiga ishonamiz. Vaksinamizning Oʻzbekistonda sinovlarini boshlash uchun Etika qoʻmitasining ruxsati olingan va bugun sizlar bilan tadqiqotlar va klinik sinovlarni boshlash arafasida turibmiz. Yana bir bor shuni taʼkidlamoqchimanki, mana shunday ilgʻor texnologiyalarga asoslangan tadqiqotlarning Oʻzbekistonda amalga oshirilishi va xavf-xatarlarga tayyor turishi uchun imkoniyat yaratib berayotgani uchun Hukumatimiz, davlatimiz rahbari, shu bilan birgalikda xalqaro tashkilotlar, kompaniyalar, elchixonalarga va olimlarimizga oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz. Kelajakda yangi avlod vaksinalarni paydo boʻlishi nafaqat ilm-fandagi hamkorlik natijasi, balki kelgusidagi barcha hamkorliklarga zamin yaratadigan, deb oʻylaymiz.

Akademik Gao Fu Xitoy va Oʻzbekistonning ikki tomonlama saʼy-harakatlari bilan ZF2001 yoki ZF-UZ-VAC-2001 yangi koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi avlodi muvaffaqiyatli ishlab chiqilgani va butun dunyo boʻylab 300 milliondan ortiq doza qoʻllanilib, global epidemiyaga qarshi kurashga katta hissa qoʻshilganini alohida taʼkidladi. Yangi koronavirus vaksinasining ikkinchi avlodi Omicron-Delta ikki valentli protein subunit vaksinasidir. Virus prototipiga asoslangan birinchi avlod vaksinasi bilan solishtirganda, yangi vaksina kengroq va kuchliroq immun reaksiyasini keltirib chiqaradi, hozirda keng tarqalgan Omikron subvariantlarini qamrab oladi va Omikronning koʻtarilishi davrida yangi koronavirus pandemiyasini nazorat qilishga muhim hissa qoʻshadi.

— “Bir makon – bir yoʻl” tashabbusining muhim boʻlimi sifatida ANSO ikkinchi avlod vaksinasining xorijdagi klinik sinovlarini qoʻllab-quvvatlash uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshiradi, — dedi Xitoy kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi direktori Cao Jinghua. — Bu hamkorlik milliy imijni yanada mustahkamlaydi, Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari va tibbiyot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bu mamlakatning “Bir makon - bir yoʻl” tashabbusi doirasidagi ishini ham faollashtirdi.

Dunyoda oʻz hukmronligini surayotgan koronavirus kasalligi avj olganida xitoy-oʻzbek vaksinasi bizga qoʻl kelgan edi, - dedi Ichki ishlar vazirligi tibbiyot birlashmasi boshligʻi, polkovnik Shuhrat Nishonov. – ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining bizning tarkibda qoʻllanishi, avvaliga, yangilik boʻlgan edi. Shaxsiy tarkibimizda kasalliklar aniqlanishi vaksina qoʻllanilganidan soʻng keskin kamaygandi. Shu sababli ushbu vaksinaga nisbatan ishonchimiz oshgandi. Hozirgi kunga qadar shaxsiy tarkibning deyarli 100 ming nafar xodimiga vaksinatsiya qilingan. Va u hozirga qadar kasallikka nisbatan oʻz samarasini koʻrsatib turibdi.

Ikkinchi avlod oqsil vaksinasining antigenlari yangi koronavirusning Delta va Omikron mutatsiya shtammlari uchun moʻljallangan boʻlib, ular hozirda keng tarqalgan yangi koronavirus Omikron mutatsiya shtammlaridan yaxshiroq himoya qilishi kutilmoqda. Omikron shtammining yangi mutatsiyasi butun dunyoda davom etayotgan bir paytda, COVID-19 pandemiyasiga qarshi Xitoy va Oʻzbekiston hukumatlari oʻz hissasini qoʻshgan holda samarali va uzoq muddatli himoya vaksinasini yaratishga umid qilmoqda.

— Samarqandda oʻtkazilgan Shanxay hamkorlik tashkilotining sammitida ikki davlat rahbarlaridan juda ham katta qoʻllab-quvvatlash va kelajakda bu ishlarni yanada rivojlantirish yuzasidan topshiriqlar olganmiz, — dedi I.Abdurahmonov. — Ikki davlat rahbarlari bizning hamkorligimizga yuqori baho berishdi. Bu biz uchun katta masʼuliyatdir. Shu bilan birga hamkorlikni kengaytirish vazifasini oldimizga qoʻydi. Bizda juda katta jamoa shakllangan va bu loyiha muvaffaqiyatli oʻtishiga ishonamiz. Bunga barcha imkoniyatlarimiz va tajribamiz ham yetadi. Eng muhimi, bizning hamkorlarimiz hamda ikki davlatning siyosiy irodasi bizga kuch bagʻishlaydi. Barcha tadqiqotchilarni yangi avlod vaksinasi bilan tabriklab, muvaffaqiyatlar tilayman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер