IIV: Toshkent shahriga kiruvchi 61 ta aylanma yoʻllar yopildi

15:08 27 Mart 2020 Jamiyat
955 0

Bugun, 27-mart kuni, AOKA huzuridagi shtabda IIV Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ishtirokida brifing tashkil etildi. Boshqarma boshligʻi Olim Saidov karantin davrida Toshkent shahriga kirib keluvchi barcha yoʻllar jismoniy jihatdan yopilganini maʼlum qildi.

“Koronavirus infeksiyasi havo orqali yuqishi va harakatlanish vositalarida kamida kamida toʻrt kishi boʻlishini hisobga olganda, kasallikka qarshi kurashda transport harakatini cheklash eng samarali usul hisoblanadi. Xavfsizlikni taʼminlash maqsadida Toshkent shahrida faoliyat koʻrsatayotgan 10 ta YPX maskani, 14 ta blok va toʻsiq postlarda hamda Toshkent viloyatining shahar bilan chegara hududlaridagi 14 ta blok va toʻsiq postlarda xodimlarning xizmat faoliyati kuchaytirildi. Ushbu YPX maskanlari, blok va post toʻsiqlariga 1 sutkada 609 nafar xodimlar jalb etilyapti.

Shuningdek, Toshkent viloyati hududidan avtotransport vositalarining Toshkent shahriga kirib kelishi mumkin boʻlgan 61 ta aylanma yoʻllar aniqlanib, ushbu yoʻllarni yopish choralari koʻrildi.

Bundan tashqari, bugungi vaziyatdan kelib chiqib, mamlakatimizning boshqa hududlarida faoliyati toʻxtatilgan 21 ta YPX maskani hamda 60 ta blok va toʻsiq postlarning faoliyati qayta tashkil etildi.

Hozirda jami 50 ta YPX maskani, 90 ta blok va toʻsiq postlarda Ichki ishlar organlari, Mudofaa vazirligi hamda Milliy gvardiya xodimlari kuchaytirilgan tarzda xizmat olib bormoqdalar,”- deya xabar qildi Saidov.

Qoʻshimcha qilinishicha, 24-mart soat 00.01 dan boshlab 12 soat davomida Toshkent shahri yoʻnalishi boʻyicha harakatlanib kelayotgan jami 164 ming 245 ta avtotransport vositalari tekshirilib, ulardan 94 ming 705 tasi, shundan 16 ming 356 tasi yuk avtomobillari shaharga kiritildi, 69 mingtadan ortigʻi qaytarildi. 250 ming nafar shaxs tekshirilib, 160 ming 735 nafari tegishli hujjatlar asosida shaharga kiritildi. 90 ming 163 nafar fuqaro viloyatlarga qaytarildi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер