Koronavirusdan vafot etgan shifokorning yaqinlariga 250 million soʻm pul undirib berildi

13:36 11 Noyabr 2022 Jamiyat
344 0

Foto: Illustrativ surat

Namangan viloyati Chortoq tuman adliya boʻlimiga “Oromgoh” mahallasida yashovchi fuqaro Sohibjon Toʻxtasinovdan ariza tushdi. U turmush oʻrtogʻi X. Toʻxtasinova(marhuma)ning tibbiyot birlashmasida tashkil etilgan karantin hududida vrach vazifasida ishlab kelib, koronavirus bilan kasallanib qolishi natijasida vafot etgani sababli bir martalik tovon pullarini undirib berishda amaliy yordam soʻrab murojaat qilgan edi.

Boʻlim tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlarda aniqlanishicha, marhuma X. Toʻxtasinova Chortoq tuman tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 52-sonli qishloq oila poliklinikasida umumiy amaliyot shifokori vazifasida ishlab, tibbiyot birlashmasi boshligʻining 2020-yil 28-avgustdagi buyrugʻi bilan besh kun muddatga xoʻjalik hisobidagi asab kasalliklar boʻlimida joylashgan provizor-saralash boʻlimiga jalb etilgan. Shundan soʻng xodim saralash boʻlimidan chiqib 6-sentyabrdan 8-sentyabrga qadar oʻzini holsiz va yomon his qilgani sababli ishdan erta ketib qoladi.Sogʻligʻi yomonlashgach, tumandagi “Asr shifo” MCHJda yotib davolanadi, natija boʻlmaganidan soʻng 14-sentyabr kuni tuman tibbiyot birlashmasi reanimatsiya boʻlimiga yotqizilib, kislorod ulanadi. Bu yerdagi muolajalar ham yordam bermagach, Namangan shahrida joylashgan “Oydin shifo servis” MCHJ klinik diagnostika laboratoriyasida koronavirus kasalligiga gumonlanib, kovid-19 ga PSR usulida tekshirish uchun namuna olinganida musbat natija kuzatiladi. Bemorning ahvoli ogʻir boʻlgani sababli viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga transportirovka qilinganidan soʻng 16-sentyabr kuni shu yerda OʻRVI, koronavirus infeksiyasi, ikki tomonlama interstitsial pnevmoniya tashxisi bilan vafot etadi.

Shifokorning ish jarayonida yuqtirgan kasallikdan vafot etgani bois uning turmush oʻrtogʻi S. Toʻxtasinov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-martdagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroridan kelib chiqib, bir martalik toʻlov miqdorini undirib berishni soʻragan. Oʻrganish chogʻida marhumaning voyaga yetmagan farzandi ham ayni masalada tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgani, biroq toʻlov rad etilib, tushuntirish bilan cheklanilgani ham maʼlum boʻldi.

Adliya idorasining aralashuvi masalaga nuqta qoʻydi. Murojaat qanoatlantirilib, X. Toʻxtasinovaning oila aʼzolariga 250 million soʻm undirib berilishi taʼminlandi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?