Koronavirus vaksinasi bilan kimlarni emlash mumkin emas? — shtab aʼzosi savollarga javob berdi

15:33 30 Noyabr 2020 Jamiyat
342 0

Bugun AOKAda Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Sevara Ubaydullayeva ishtirokida oʻtgan brifingda muhim savollarga javob qaytarildi.

Savol: Koronavirus vaksinasi bilan kimlarni emlash mumkin emas?

Javob: Bugungi kunda koronavirusga qarshi vaksina dolzarb hisoblanadi. Chunki koʻplab mamlakatlarda vaksinalar ishlab chiqilgan va klinik sinovlarning uchinchi bosqichini oʻtkazish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Klinik sinovlarning ushbu bosqichi yakunlangandan soʻng aholini emlash bosqichlari boshlanadi. Aholini ommaviy emlashda albatta vaksinaga qarshi koʻrsatmalarni hisobga olish zarur.

Koronavirus vaksinasining qarshi koʻrsatmalariga koʻra, uni kimlarga qoʻllash mumkin emas:

— Vaksina tarkibidagi moddalarga allergiyasi boʻlgan kishilarga;

— Organik oʻzgarishlar bilan asab kasalliklari rivojlanishi boʻlgan shaxslarga (miya falaji tashxisi, sudoroga sindromi, epilepsiya);

— Orttirilgan immuntanqislik sindromi (OIV — SPID) mavjud bemorlarga;

— Surunkali kasalliklar kuchayishi, kasallikning oʻtkir bosqichlari vaqtinchalik qarshi koʻrsatmalar kasb etadi.

Savol: Koronavirusga qarshi vaksina sinovida qatnashib emlash olsak, keyin niqob taqmay yurish mumkinmi?

Javob: Vaksina bilan emlanganingizdan soʻng ham niqob taqib yurish kerak, sinovlarda qatnashmoqchi boʻlganlarga ham yoki sinovlar yakunlanib, ijobiy natija chiqqanlarga ham bu talab saqlanib qoladi.

Vaksina bilan emlangan odam organizmida immun tizim ishlashni boshlaydi, bu davrda boshqa kasalliklar yuqishini oldini olish maqsadida imkon qadar boshqa insonlar bilan muloqotda boʻlmaslik va uyda boʻlish talab etiladi.

Agar ish jarayonida odamlar bilan muloqotda boʻlishda davom etilsa, boshqa karantin talablariga doim rioya qilish zarur.

Shuningdek, sogʻlom turmush tarzini tutish, sogʻlom va muqobil ovqatlanish, koʻp suyuqlik ichish va yengil jismoniy faollik olib borishni ham davom ettirish kerak. Bu kabilar inson organizmida koronavirusga qarshi immunitet hosil boʻlishiga yordam beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?