Koronavirus bois soxta dorilar, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda koʻpayib ketdi

20:43 10 Aprel 2020 Dunyo
1072 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti(JSST) pandemiya karantini payti rivojlanayotgan mamlakatlarda qalbaki dori-darmonlar tarqalishi koʻpayib borayotganini maʼlum qildi.

Bi-bi-si dori-dori yetishmaydigan Afrikada soxta farmakologiya mahsulotlarini sotilayotganini aniqladi.

JSST soxta dorilarni qabul qilish salomatlik uchun ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Tashkilot ekspertlaridan biri esa bu vaziyat yana bir pandemiya — sifatsiz va soxta dorilar pandemiyasiga yetaklashi ehtimolidan ogohlantirdi.

Butun dunyo boʻylab odamlar dori-darmonlarni gʻamlab qoʻyishga harakat qilmoqda. Meditsina mahsulotlarining ikki asosiy ishlab chiqaruvchisi hisoblangan Xitoy va Hindiston karantinda, talab ehtiyojni keltirib chiqaryapti. Shuning uchun ham dori-darmon bozorida soxta mahsulotlar koʻpayib ketdi.

JSST koronavirus pandemiyasini eʼlon qilgan vaqtda Interpol “Pangeya“ deb nomlangan xalqaro operatsiya oʻtkazdi. Ushbu amaliyot doirasida yetti kun ichida 90 mamlakatda 121 kishi hibcga olindi. Huquqni muhofaza qilish organlari konfiskatsiya qilingan farmatsevtika mahsulotlari narxini 14 mln dollarga baholadi.

Malayziyadan tortib Mozambikkacha politsiyachilar Covid-19dan davolashni vaʼda qilgan oʻn minglab dorilarni tortib oldilar.

Mart oyida Interpol 34 ming soxta yoki sifatsiz tibbiyot yuz niqoblarini musodara qildi

“Inqiroz paytida bunday qoʻlbola tibbiy tovarlar bilan noqonuniy savdo qilish odamlarning hayoti haqida umuman qaygʻurmaslikni anglatadi“, — dedi Interpol rahbari Yurgen Shtok.

JSST maʼlumotlariga koʻra, daromad darajasi past va oʻrta boʻlgan mamlakatlarda soxta dorilar savdosining umumiy hajmi 30 mlrd. dollardan ziyodni tashkil etishi mumkin.

“Eng yaxshi holatda soxta dori moʻljallangan kasallikni davolamasligi mumkin. Eng yomon holatida esa ichida qandaydir toksik moddasi borligi uchun salomatlikka ziyon yetkazadi“, deydi JSSTning soxta dori-darmonlar tarqalishiga qarshi kurash idorasiga masʼul Pernet Burdiyon Estev.

Taʼminot tizimi

Jahon farmatsevtika sanoati 1 trln. dollardan ziyodga baholanadi. Taʼminotning uzun zanjiri Xitoy va Hindistondagi ishlab chiqaruvchilardan Yevropa, Janubiy Amerika va Osiyodagi qadoqlovchilarga, ulardan butun dunyo boʻylab savdo bilan shugʻullanadigan distribyutorlargacha choʻziladi.

Jahondagi biror bir sanoat globallashuvi nuqtayi nazaridan farmakologiya bilan bellasholmasa kerak, deydi Estev xonim. Biroq dunyo boʻylab karantin choralari koʻrila boshlagani ortidan taʼminot zanjirlari uzildi.

Manbaga koʻra, Hindistondagi bir necha kompaniya oʻzlaridagi bor quvvatning 50-60 foiziga ishlayotgani maʼlum boʻlgan. Hind shirkatlari Afrikaga yetkazib beriladigan jami dori-darmonning 20 foizini tashkil etadi, shuning uchun Afrikadagi mamlakatlarda allaqachon tanqislik yuzaga kelgan.

Zambiyalik farmakolog Efraim Firi taqchillik allaqachon kuzatilayotganini aytdi.

“Dorilar tugab boryapti, biz ularning oʻrnini qoplolmayapmiz. Qoʻlimizdan nima ham kelardi? Taʼminot juda ham qiyin boʻlib qoldi. Ayniqsa, hayot uchun muhim antibiotik va bezgakka qarshi dori-darmon topilmay qoldi“, — dedi u.

Ishlab chiqaruvchi va taʼminotchilarga ham qiyin boʻldi. Chunki dori tayyorlanadigan tarkibiy qismlarning bahosi shunchalik qimmatlashdiki, farmatsevtika shirkatlari kasod boʻlish yoqasiga borib qoldilar.

Pokistondagi ishlab chiqaruvchilardan biri ilgari bezgakka qarshi preparat gidroksixloroxin uchun zarur ingrediyentning bir kilogrammini 100 AQSH dollariga sotib olganini, hozirga kelib esa uning kilosi 1150 dollarga chiqib ketganini aytdi.

Mamlakatlar ichida karantin rejimi joriy qilinar ekan, ishlab chiqarish kamayganigina muammoga aylanayotgani yoʻq. Jahon boʻylab dori-darmonga boʻlgan ehtiyoj shiddat bilan ortmoqda. Chunki odamlar uylaridagi aptechkalarini toʻldirishga harakat qilmoqdalar.

Taʼminot kamaygan, talab esa ortgan paytda JSST soxta dorilarni ishlab chiqarish va savdosi koʻpayishi xavfidan ogohlantirdi.

“Taklif talabni qondirolmagan vaqtda bozorni sifatsiz va soxta dorilar toʻldiradigan muhit yuzaga keladi“, — deydi Estev.

Soxta dorilar

Butun dunyodagi farmatsevtlar va farmatsevtika kompaniyalari tez orada bezgakka qarshi dorilarning defitsiti yuzaga kelishidan xavotirlar bildirishmoqda.

AQSH Prezidenti Donald Tramp oʻzining chiqishida Covid-19ni davolashda bezgakka qarshi preparat xloroxin va undan olingan gidroksixloroxin naf berishi mumkin, deb aytgan soʻzlaridan keyin jahon boʻylab bu preparatlarning narxi keskin koʻtarilib ketdi.

JSST bir necha bor Covid-19 virusiga qarshi xloroxin va gidroksixloroxin yaxshi samara berishini isbotlaydigan ilmiy dalil yoʻqligini aytgan. Ammo bularga qaramasdan, yaqinda oʻz matbuot anjumanlaridan birida Donald Tramp shunday deydi: “Siz nima yoʻqotyapsiz? Uni qabul qilavering!“.

Bahosi keskin oshib ketganidan keyin Bi-bi-si Kongo Demokratik respublikasi va Kamerunda koʻp sondagi soxta xloroxin sotilayotganini aniqladi. JSST soxta xloroxin savdosi Nigerda aniqlanganini ham xabar qildi.

Bezgakka qarshi preparat xloroxinning ming tabletkasi odatda 40 dollarga sotiladi. Hozirga kelib Kongo DRda ularni 250 dollarga sotishayotgani maʼlum boʻldi.

Sotilayotgan dorining Belgiyadagi Brown and Burk Pharmaceutical limited shirkatida ishlab chiqarilgani yozilgan. Biroq Britaniyada roʻyxatdan oʻtkazilgan Brown and Burk Pharmaceutical limited kompaniyasi bu preparatga oʻzlarining aloqasi yoʻqligini aytdi. “Biz bu dorini ishlab chiqarmaymiz. Bu soxta“, — deb aytishdi firmadagilar.

Oksford Universitetining soxta dorilar boʻyicha eksperti Pol Nyuton ogohlantirishicha, agar butun dunyodagi davlatlar birgalashib qarshi kurashmasalar, koronavirus pandemiyasi davom etib turgan vaqtda soxta va insonlar hayoti uchun xavfli dorilar koʻpayishi davom etadi.

“Agar biz global miqyosda kelishilgan dori va vaksinalarni ishlab chiqish, adolatli tarqatish, sinovlari ustidan nazoratni yoʻlga qoʻyish rejasini ishlab chiqmasak, boshqa bir pandemiyaning tarqalish xavfi mavjud — sifati past soxta dori mahsulotlarining keng tarqalishi pandemiyasi. Bunday holatda zamonaviy meditsinaning ustunligini yoʻqotamiz“, — deya ogohlantiradi Pol Nyuton.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?