Koronavirus asoratlari baʼzi bemorlarda suyak va boʻgʻimlar yemirilishiga sabab boʻlmoqda — Mutaxassis

10:52 10 Yanvar 2023 Jamiyat
555 0

Foto: Arxiv surat

Koronavirus pandemiyasining dastlabki yili butun insoniyat uchun ogʻir sinov boʻldi. Oʻshanda eng asosiy eʼtibor, avvalo, bemorlar hayotini saqlab qolish va kasallik keng tarqalishining oldini olishga qaratildi, — dedi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov.

Vaqt oʻtishi bilan tibbiyotda bu xavfli infeksiya bilan kurashishning samarali yoʻllari topildi. Davolash standartlari takomillashtirildi. Eng muhimi, COVID-19ga qarshi vaksinalar yaratildi.

Ammo koʻp oʻtmay, koronavirusning yana bir xavfli jihati maʼlum boʻldi. Yaʼni uning ogʻir asoratlari! Ushbu holat SOVID-19ni boshdan kechirgan baʼzi bemorlarda son suyagi, yelka, tizza boʻgʻimlarining yemirilishi bilan kechayotgani sir emas. Bu — dunyo olimlarining ilmiy xulosasi.

Agar statistik tahlillarga murojaat qilsak, pandemiyagacha boʻlgan davrdan to hozirgi kungacha mazkur xastalikka chalingan bemorlar soni 3-4 barobar ortganini koʻramiz.

Oqibatda ushbu kasallikning ogʻir bosqichlarida yuqori texnologik operatsiya hisoblanadigan endoprotezlash amaliyotiga muhtoj bemorlar soni koʻpayib bormoqda.

Toʻgʻri, koronavirus pandemiyasi boshlanmasidan avval ham avaskulyar nekrozdan aziyat chekuvchi yurtdoshlarimizdan murojaatlar boʻlardi. Ammo ularning soni hozirgi paytdagi singari koʻp emasdi.

Bugunga kelib tibbiyot markazimizda shunday dardga chalingan mingdan ortiq bemorlarning reyestrini shakllantirganmiz. Tahlillar asnosida koʻryapmizki, ularning aksariyati koronavirusga qarshi emlanmagani oqibatida kasallikni ogʻir oʻtkazgan.

Ustiga-ustak, shifokor tavsiyasisiz, uy sharoitida turli antibiotik, gormon preparatlarini palapartish qoʻllagan. Oqibatda vaqt oʻtishi bilan suyaklarda yemirilish holatlari yuzaga kelmoqda.

Shunday ekan, dori vositalaridan oʻzboshimchalik bilan foydalanish turli ogʻir asoratlarni keltirib chiqarishini unutmaylik.

Qolaversa, yurtdoshlarimizga COVID-19ga qarshi toʻliq bosqichda va buster dozada, albatta, emlanishlari zarurligini eslatib oʻtaman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?