Koreya kompaniyasi Qoʻqonda yangi shaharcha bunyod etadi

11:58 28 Sentyabr 2022 Jamiyat
478 0

Foto: Xalq so‘zi

Koreyaning “Hanshin Engineering & Construction” kompaniyasi Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida zamonaviy shaharcha bunyod etishni rejalashtirmoqda.

Kuni kecha Fargʻonaga tashrif buyurgan kompaniya boshqaruvi raisi Chxve Yon Son boshchiligidagi delegatsiya viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan uchrashdi. Unda “Hanshin Park City” shaharchasi loyihasini amalga oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Loyiha qiymati 250 million dollar boʻlgan investitsiyaviy kelishuv doirasida Qoʻqon shahrida 9, 12 va 16 qavatli 5122 xonadondan iborat 127 ta koʻp qavatli turar-joy binosi, taunxauslar, markaziy park, maktab, bolalar bogʻchasi va boshqa zarur ijtimoiy obyektlar quriladi. Turar-joylarning yertoʻla qismida 5000 dan ziyod avtomashinalar uchun yerosti avtoturargohlari oʻrin oladi. Uch yillik reja asosida amalga oshiriladigan loyihaning ilk bosqichida 206 ta xonadondan iborat 6 ta 9 qavatli turar-joy binosi qurib bitkazilishi koʻzda tutilmoqda.

Samimiy muloqotda kompaniya rahbari yaqin vaqt ichida loyihaning tamal toshi qoʻyilishi marosimida ham ishtirok etishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, muloqot chogʻida Chxve Yon Son boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Fargʻona viloyatida logistika, turizm hamda koʻchmas mulk sohalariga ham investitsiya kiritish imkoniyatini oʻrganishlarini maʼlum qilishdi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?