Koʻp qavatli uylarda turmush sifati yana-da yaxshilanadi

16:14 31 May 2021 Jamiyat
290 0

Aholisi 3 milliondan ortiq poytaxtimizda soʻnggi chorak asrda uy-joy qurilishi ancha orqada qolgan, uyga muhtoj boʻlganlar soni tobora ortib borayotgan edi. Zero, umumjahon statistik maʼlumotlariga koʻra koʻp yillardan buyon eng serfarzand xalqlar sirasiga kiramiz.

Yurtimizda har 15-20 yilda alohida uy-joy talab qiladigan yangi avlod dunyoga kelyapti. Shu sababli turar joy binolarini keng koʻlamda va jadal surʼatlar bilan qurish va ularga xizmat koʻrsatilishini yaxshilashga keyingi 4-5 yilda katta ahamiyat qaratilmoqda. Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbari sifatida imzolagan dastlabki qarorlaridan biri – 2016-yil 22-noyabrdagi hujjat ham yurtdoshlarimizning uy-joyga boʻlgan talab-ehtiyojini qondirishga yoʻnaltirilgani ham bejiz emas. Mazkur vazifa 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasidan ham oʻrin olgan.

Uch kun avval Prezidentimiz raisligida koʻp qavatli uy-joylar barpo etish va ularga xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Unda taʼkidlanganidek, soʻnggi uch yilda koʻp kvartirali uy-joylar soni 2 barobarga oshdi.

Yigʻilishda yangi uylar koʻpayishi bilan ularga xizmat koʻrsatishning ahamiyati ortayotgani bildirildi. Oʻtkazilgan soʻrovlarda koʻp qavatli uylarda yashovchi 35 foiz aholi koʻrsatilayotgan xizmatlardan norozi ekani, 65 foizi shirkatlar ishini amalda sezmayotganini aytgan. Chunki koʻp shirkatlarning oʻzi moliyaviy ogʻir ahvolda. Yaxshi xizmat koʻrsatib, odamlar ishonchini qozonolmayapti. Imtiyozlar berilganiga qaramay, kreditlar vaqtida soʻndirilmayapti. Sohada korrupsiya avj olgan. Ana shu muammolarni hal qilish maqsadida aniq vazifalar belgilab olindi.

Viloyat markazlari, shuningdek, Nukus, Chirchiq va Angren shaharlarida ayrim mavzelar tajriba tariqasida malakali boshqaruv-servis kompaniyalariga beriladi. Shuningdek, uy-joylarni saqlashning minimal xizmatlari va meʼyorlarini mahalliy kengashlar aholi bilan kelishgan holda tasdiqlaydi. Ijtimoiy reyestrga kirgan ehtiyojmand oilalarga uy-joylarni saqlashga majburiy toʻlovlar uchun subsidiya ajratiladi. Issiqlik tizimlari modernizatsiya qilinadi.

Sohadagi ishlar takomillashtirilishiga xizmat qiluvchi boshqa talay oʻzgarishlar ham amalga oshiriladi. Prezident bu borada masʼullarga muayyan topshiriq va koʻrsatmalar berdi.

Shu oʻrinda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari asosida amalga oshirilayotgan ishlar ham uzluksiz davom etayotganini, odamlarning yashash sharoiti nisbatan ogʻir boʻlgan joylar har jihatdan obod qilinayotganini ham tilga olish joiz.

Davlatimiz rahbari 2020-yil 24-yanvarda Oliy Majlisga murojaatnomasida “Mening eng katta niyatim shuki, Vatanimiz ichra har bir inson oʻzining «kichik vatani”ga - uy-joyiga ega boʻlsa, bizdan xalqimiz ham, Yaratgan ham rozi boʻladi» degan edi. Ana shu ezgu va ulugʻ niyat roʻyobga chiqayotgani, “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyili izchillik bilan amalga tatbiq qilinayotganini barchamiz koʻrib-bilib turibmiz.

Hazratqul XOʻJAMQULOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?