Koʻp xonadonli uy-joy fondidan foydalanishda qanday oʻzgarishlar kutilyapti?

19:55 17 Fevral 2022 Jamiyat
1196 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi tomonidan «Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilayotganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda Koʻp xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga aniqlangan noqonuniy qurilmalarni faqat majburiy koʻrsatma berish yoki sudlar orqali bartaraf etish huquqi berilgan.

Lekin oʻzboshimchalik bilan barpo etilgan noqonuniy qurilmalarni majburiy tartibda bartaraf etishga oid sudlarga arizalar taqdim etishda oldindan davlat boji toʻlovidan ozod etilmagani bois ushbu mazmundagi materiallarni sudlarga taqdim etishda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.

Shuningdek, bugungi kundagi amaldagi qonunchilikda uy-joy mulkdorlari shirkatlari yuqorida qayd etilgan xizmatlar uchun tegishli soliq toʻlovlaridan ozod etilgan boʻlib, boshqaruv tashkilotlari faoliyatiga nisbatan ushbu imtiyozlar tatbiq etilmayotgani turli kelishmovchilarni yuzaga keltiryapti.

Muhokama qilinayotgan qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar orqali kommunal xizmat koʻrsatish sohasida, shu jumladan koʻp kvartirali uylarni saqlash va undan foydalanishda qonunbuzilish holatlarini oldini olishga koʻmaklashishda inspeksiya ishtirokini yanada kengaytirish yoʻli bilan koʻp kvartirali uylardagi muhandislik-texnik kommunikatsiyalarini, uyning konstruktiv qismlari tayanch qobiliyati va zilzilabardoshliligini saqlab qolish, eng muhimi, koʻchmas mulk egalarining xavfsiz yashashiga sharoit yaratiladi.

Seminarda ushbu loyihaning qabul qilinishi boshqaruv organlarining moliyaviy barqarorligi taʼminlanishiga, shu jumladan koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimida raqobat muhiti yaratilishiga xizmat qilishi qayd etildi.

Deputatlar har tomonlama pishiq-puxta, hayotiy, xalqchil qonunlarni yaratish va ularni qabul qilish bugun har qachongidan ham muhim masala ekanligini aytib, qonun loyihasini yanada takomillashtirish boʻyicha bir qator taklif va tavsiyalar berdi.

Yakunda ishtirokchilar tomonidan koʻtarilgan barcha savollarga mutasaddilardan batafsil javob olindi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?