Kontrakt pulini toʻlamagan talabalar oʻqishdan chetlatilmaydi, karantin davrida talabalarning stipendiyasi toʻliq toʻlab boriladi 

14:33 27 Mart 2020 Jamiyat
2087 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining BAYONOTI 

Ijtimoiy tarmoqlarda taʼtil eʼlon qilinishi ortidan kontrakt pulini toʻlamagan talabalar oʻqishdan chetlatilayotganligi hamda talabalarga stipendiya berilmayotgani haqida asossiz xabarlar tarqatilmoqda.

2020-yil 16-martdan koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida respublikadagi barcha taʼlim muassasalari qatori oliy taʼlim muassasalarida ham oʻqish toʻxtatilib, taʼtil eʼlon qilindi.

Karantin tufayli berilgan taʼtil sabab toʻlov-shartnoma shartlarini bajarishga ulgurmagan TALABAlarga (shu jumladan, 1-kursning 2-yarmi uchun toʻlovlarga) rektorlar tomonidan qoʻshimcha muddat beriladi. Asos: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-iyuldagi PQ-4391-son Qarori.

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan “soʻnggi muddat – 20-mart” talabalarga emas, balki 2019/2020 oʻquv yilida bakalavriat va magistraturaning birinchi kursiga toʻlov-shartnoma asosida talabalikka tavsiya etilgan hamda tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqish istagini bildirgan ABITURIYENTLARga taalluqli (OTMda oʻquv mashgʻulotlariga qatnagan, toʻlov-kontraktni 1-semestr uchun toʻlamaganlar ham – abituriyent maqomida hisoblanadi).

Ushbu muddat Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining 2020-yil 28-fevraldagi 13-son bayoni bilan belgilangan boʻlib, hozirgacha vazirlikka 20-martga qadar toʻlay olmaganlik va muddatni uzaytirish haqida murojaat kelib tushmadi.

Karantin davrida talabalarga BELGILANGAN TARTIBDA STIPENDIYA TOʻLAB BERILADI. Faqatgina toʻlov turida oʻzgarish boʻlishi, naqd pul koʻrinishida olayotganlarga stipendiya puli talabaning plastik kartasiga tushirib beriladi.

Respublikadagi barcha oliy taʼlim muassasalarida talabalarga joriy yil mart oyi uchun stipendiyalar toʻlab berilgan. Shu bilan birga toʻlov-kontrakt pulini toʻlamaganligi, akademik qarzdorligi, tegishli buyruq rasmiylashtirilmaganligi yoki bank plastik kartasi berilmaganligi uchun stipendiya toʻlashda kechikishlarga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.

Aksariyat hollarda talabalar tomonidan toʻlov-shartnoma shartlarining kech bajarilgani stipendiya tayinlash va bank plastik kartalarini ochishning kechikishiga asosiy sabab boʻlgan.

Hozirda vazirlik tomonidan respublika miqyosida stipendiya toʻlanmagan talabalar haqida maʼlumot umumlashtirilmoqda. Ularga:

naqd pul koʻrinishida toʻlanmay qolgan stipendiyalar talabaning doimiy yashash joyiga pochta orqali yuboriladi yoki tumanlardagi bank filiallari orqali roʻyxat asosida tarqatiladi;

bank plastik kartalari orqali toʻlanadi, plastik kartalar ochilmagan talabalarga yangi kartalar ochilib, bank muassasasining hududiy boʻlimi orqali yetkaziladi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi shuni rasman maʼlum qiladiki, oliy taʼlim muassasalarida karantin davrida toʻlov-shartnoma shartlarini bajarishga ulgurmaganlar TALABALAR safidan chiqarilmaydi!

Shuningdek, barcha talabalarga taʼlim shakli va oʻzlari tanlagan toʻlov turidan kelib chiqib, belgilangan tartibda stipendiyalar toʻliq toʻlab boriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?