Konstruktiv tashqi siyosatni olib borishning ustuvor yoʻnalishlari muhokama qilindi

19:55 11 Yanvar 2021 Siyosat
315 0

2021-yil 11-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi tomonidan “Barqaror taraqqiyot va xavfsizlikni taʼminlashda izchil va konstruktiv tashqi siyosatni olib borishning ustuvor yoʻnalishlari” mavzusida fraksiyalararo amaliy muloqot oʻtkazildi.

Tadbirda Qonunchilik palatasi deputatlari davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida mamlakatimiz aholisi turmush darajasining izchil oʻsishini taʼminlashga qaratilgan vazifalarni muhokama qildilar.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda milliy manfaatlarga mos keladigan, yaqin va uzoq xorijiy davlatlar bilan aloqalarni kengaytirishga qaratilgan faol, ochiq, pragmatik va chuqur oʻylangan tashqi siyosiy yoʻnalishni rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, xalqaro maydonda aloqalarni kengaytirishga qaratilgan yangi yondashuvlar amaliyotga joriy etilyapti. Tashqi siyosiy strategiya oxirgi toʻrt yilda tubdan oʻzgardi. Bunda albatta, ayni paytda ustuvor ahamiyat qaratilayotgan parlament diplomatiyasi ham muhim oʻrin tutmoqda.

Shuningdek, Murojaatnomada belgilangan vazifalarning bekamu-koʻst ijrosi yurtimizning xalqaro maydondagi imijini yuksaltirishga, xalqaro hamkorlik uchun xavfsiz va barqaror muhitni shakllantirishga xizmat qilayotgani ham taʼkidlab oʻtildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan siyosiy partiyalar fraksiyalari aʼzolari oʻzlarining fikr-mulohazalarini ham bildirib oʻtdilar.

Xususan, OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi Toʻlqin Karimov Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi – davlatning xalqaro munosabatlar sohasidagi oʻrta va uzoq muddatli strategik maqsad va vazifalarini qamrab oluvchi, milliy manfaatlarni ilgari surish, amalga oshirish va himoya qilish bilan bogʻliq mexanizmlar hamda ustuvor yoʻnalishlarni belgilab beruvchi, oʻzida mamlakat tashqi siyosiy faoliyatining asosiy tamoyillarini tizimli ravishda ifoda etuvchi doktrinal hujjat hisoblanishi haqida fikr yuritdi. Shuningdek, amaldagi Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi 2012-yilda qabul qilingan boʻlib, konseptual hujjat sifatida oʻtgan davr (2012-2020-yillar) mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi progressiv tashqi siyosatining asosiy maqsad-vazifalarini va ustuvor yoʻnalishlari shuningdek, Prezidentimizning nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasida, balki uning tevaragida ham xavfsizlik, barqarorlik va yaxshi qoʻshnichilik makonini, strategik sheriklik ruhini mustahkamlashga boʻlgan yuksak siyosiy irodasini yaqqol namoyon etayotgani haqida oʻz munosabatini bildirdi.

“Milliy tiklanish” DP fraksiyasi Jahongir Mamajonov taʼkidlaganidek, Markaziy Osiyo geostrategik joylashuviga koʻra, ming yillar davomida jahon miqyosidagi jarayonlar markazida boʻlib kelgan. Mintaqamiz doimo oʻzining boy madaniy-tarixiy merosi bilan Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bogʻlaydigan noyob koʻprik boʻlgan. Deputat siyosiy, savdo-iqtisodiy, transchegaraviy, suv resurslaridan oqilona foydalanish, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, chegara punktlarini kesib oʻtish kabi eng dolzarb muammolarni mintaqa davlatlari tomonidan ochiq va doʻstona ruhda hal qilinayotganiga oʻz munosabatini bildirib oʻtdi.

“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi Muhammad Valiyev Oʻzbekistonning asosiy xorijiy sheriklari hisoblangan Rossiya, Xitoy, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa qator davlatlar bilan koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli aloqalarni yana-da kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilgani bejiz emasligi, shuningdek ushbu mamlakatlar Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi eng ishonchli sheriklari hisoblanishiga doir fikrlarini aytib oʻtdi.

OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi Ulugʻbek Vafoyev Oʻzbekiston va Afgʻonistonning konstruktiv hamda doʻstona munosabatlar oʻrnatish borasidagi jiddiy intilishlari 2017-yilda tomonlar hamkorligi uchun misli koʻrilmagan darajadagi istiqbol eshiklarini ochilganligi, Afgʻonistonning mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka qoʻshilishi uchun har tomonlama koʻmak berishimiz juda muhimligi, bundan tashqari Afgʻoniston hududidagi tahdidlar qanchalik kam boʻlsa, milliy xavfsizlikni taʼminlashga sarf etiladigan xarajatlarimiz shunchalik qisqarishi haqida oʻz fikrlarini bayon qildi.

Ekologik partiyasi fraksiyasi aʼzosi Muqaddas Tirkasheva Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojialar taʼsirini yumshatish boʻyicha xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish masalasiga ham keng eʼtibor qaratilishi lozimligini aytib oʻtdi. Shuningdek, Orol dengizining qurib qolgan qismidagi shoʻrlangan yerlarda ilmiy-tadqiqot va amaliy ishlar koʻlamini kengaytirish, ekotizimni yaxshilash hamda munosib hayot faoliyatini taʼminlash, tadqiqotlar va innovatsiyalarning ilgʻor tajribalarini joriy etish maqsadida tashkillashtirilgan Orolboʻyi xalqaro innovatsion markaz faoliyati yoʻlga qoʻyilishi haqida, ayniqsa, BMT bilan hamkorlikda 2018-yilda tuzilgan Orolboʻyi mintaqasida inson xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻp tomonlama Trast fondi doirasidagi amaliy ishlarni yana-da kuchaytirish – kelgusida xalqaro hamkorlikni yana-da mustahkamlashga, pirovardida esa Orolboʻyi mintaqasida ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik jihatdan barqaror taraqqiyotga xizmat qilishini taʼkidlab oʻtdi.

Tadbirda fraksiya aʼzolari bildirgan fikr-mulohazalar asosida qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?