Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasini 15-iyulga qadar uzaytirish taklif etilmoqda

10:31 04 Iyul 2022 Jamiyat
464 0

Xalq vakillarining taʼkidlashicha, mamlakatimizda Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Maʼlumki, “Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2022-yil 24-iyundagi qaroriga muvofiq “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi 2022-yilning 25-iyunidan 5-iyuliga qadar umumxalq muhokamasiga qoʻyilgan edi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo” gazetalarida hamda “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasida eʼlon qilindi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan umumxalq muhokamasi mamlakatimizning barcha hududlarida qizgʻin tashkil etilmoqda. Parlament aʼzolari hamda mahalliy Kengashlar deputatlari tomonidan hududlarda davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda 120 ming nafar fuqaro ishtirokida oʻtkazilgan 2 mingdan ziyod uchrashuvda konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish ishlari olib borildi. 

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi jarayonlari ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilmoqda.

Majlisda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan fikr-mulohaza bildirishda fuqarolarning faolligi ortib borayotganligi, kelib tushayotgan takliflar soni tobora oshayotganligidan kelib chiqib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasini 15-iyulga qadar uzaytirish taklif etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?