Konstitutsiyaviy qonun loyihasi — umumxalq muhokamasida

22:19 28 Iyun 2022 Jamiyat
703 0

Foto: Xalq so‘zi

Joriy yilning 25-iyunidan mamlakatimizda “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi boshlandi.

Ayni paytda senatorlar va Qonunchilik palatasi deputatlari, siyosatshunoslar va olimlar tomonidan aholi keng qatlami vakillari ishtirokida tadbirlar tashkil etilib, konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgartishlar mohiyati tushuntirilmoqda.

Shu munosabat bilan Samarqand shahrida “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universitetida Xalqaro press-klub ishtirokida “Mening Konstitutsiyam” mavzusida jamoatchilik muhokamasi boʻlib oʻtdi.

“Yuksalish” umummilliy harakati, parlament palatalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Navroʻz Rizayev va Gʻayrat Abdiyev yigʻilganlarga Konstitutsiyaviy qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonlari haqida maʼlumot berdi.

Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng koʻlamli vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali taʼminlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zaruratini yuzaga keltirgani taʼkidlandi.

— Xalqimiz tomonidan bildirilgan, shuningdek, davlatimiz rahbarining Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda “Insonning qadr-qimmati, shaʼni va gʻururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi oʻrinda turishi kerak” degan tamoyil asosida bergan takliflardan kelib chiqqan holda “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi tayyorlandi, — deydi deputat N. Rizayev. —  Unda Konstitutsiyamizning 60 dan ortiq moddasiga 200 dan koʻproq tuzatishlar nazarda tutilgan.

Konstitutsiyaviy tuzatishlar, avvalambor, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub boʻlgan fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini taʼminlashga, himoya qilishga qaratilgan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan normalarga aylanadi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?