Konstitutsiyaviy qonun loyihasi qizgʻin muhokama jarayonida

08:56 01 Iyul 2022 Jamiyat
352 0

Foto: Xalq so‘zi

Urganch shahrida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Xorazm viloyati hokimligi bilan hamkorlikda “Inson qadri” onlayn platformasi taqdimoti hamda “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining muhokamasiga bagʻishlangan tadbir tashkil etildi. Unda viloyat hokimligi xodimlari, deputatlar, boshqarma va idoralar rahbarlari, mahalla fuqarolar yigʻini raislari, tadbirkorlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi Avazbek Xolbekov Taraqqiyot strategiyasi va davlat dasturlarining joylardagi ijrosi natijalaridan keng aholini xabardor qilish hamda fuqarolarning ishtirokini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan “Inson qadri” onlayn portali haqida batafsil maʼlumot berdi.

Jumladan, “davlatdasturi.uz” onlayn platformasi orqali Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni keng jamoatchilik tomonidan kuzatib borish imkoni yaratilganligi, aholi Davlat dasturining ijrosi yuzasidan oʻz fikr, taklif va eʼtirozlarini bildirishlari mumkinligi taʼkidlandi.

Shu bilan birga 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan 7 ta ustuvor yoʻnalish va uni amalga oshirishga qaratilgan 100 ta maqsad hamda koʻrsatkichlar haqidagi maʼlumotlar aks ettirilgan “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi” toʻplami taqdimoti ham oʻtkazildi.

Tadbir davomida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamalarini tashkillashtirishda ham faollikni yanada oshirish zarurligi qayd etildi. Soʻzga chiqqanlar mazkur qonun loyihasi ayni kunda keng jamoatchilik tomonidan qizgʻin muhokama qilinayotgani, Konstitutsiyaga kiritilayotgan takliflarda fuqarolarning mehnat, ijtimoiy va ekologik huquqlarini, shu jumladan, aholining ehtiyojmand qatlamlari manfaatini konstitutsiyaviy jihatdan kafolatlashni kuchaytirishga, oila institutini mustahkamlashga, inson va fuqaroning shaxsiy huquqlari hamda erkinliklarini kafolatlashga qaratilgan normalar kiritilayotganini aytib oʻtdilar.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari X. Gapporov, Oliy Majlis Senatining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi raisi B. Tajiyev ishtirok etdi.

 

 

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?