Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasida fargʻonaliklar  faol ishtirok etmoqda

15:11 27 Iyun 2022 Jamiyat
748 0

Foto: Xalq so‘zi

Maʼlumki, 25-iyun – 5-iyul kunlari mamlakatimiz boʻylab “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi boʻlib oʻtmoqda.

Shu munosabat bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari oʻz saylov okrugida boʻlib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining saylovchilar, elektorat vakillari va aholi oʻrtasida umumxalq muhokamasini tashkil etmoqdalar.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umidjon Jabborov oʻz saylov okrugida joylashgan barcha mahalla fuqarolar yigʻinlarida ushbu mavzuda uchrashuv va muloqotlar oʻtkazyapti.

Tadbirlarda aytib oʻtilganidek, birinchi oʻqishda qabul qilingan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Bosh Qomusimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq oʻzgartishlar kiritishni nazarda tutadi. Bundan tashqari 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilmoqda.

Yuzma-yuz muloqotlarda inson huquq va erkinliklari, tadbirkorlik, sud-huquq sohasi, oila, taʼlim, tibbiyot, ekologiya kabi yoʻnalishlarda taklif etilayotgan oʻzgartishlar mohiyati va ahamiyati qizgʻin muhokama qilinyapti. Bu borada amaliy taklif-tavsiyalar berilyapti.

— Fargʻonaliklar Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasida faol ishtirok etib, koʻplab tashabbuslarni ilgari surayotgani eʼtiborga sazovor,-deydi Qonunchilik palatasi deputati Umidjon Jabborov. — Mahallalarda tashkil etilayotgan uchrashuvlarda keng aholi qatlamiga mazkur loyiha haqida batafsil maʼlumot berilib, ushbu jarayonda har bir asosli taklif eʼtiborsiz qolmasligi tushuntirilmoqda.

Ayni kunlarda viloyat boʻylab Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan tadbirlar davom etmoqda.

 

Botir Madiyorov,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?