Konstitutsiyaviy qonun loyihasi xalqimizdan kelib tushgan takliflar asosida takomillashtirilmoqda

19:19 03 Oktyabr 2022 Jamiyat
904 0

Ayni kunlarda “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi davomida aholidan kelib tushgan takliflar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi masʼul qoʻmitalari tomonidan umumlashtirilib, qonun loyihasi maromiga yetkazilmoqda.

Taʼkidlash joiz, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining matni loʻnda, aniq, oddiy va ravon tilda, normalarni turlicha izohlashni istisno etadigan tarzda, yuridik atamashunoslikka rioya qilingan holda bayon etilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Uning matni Vazirlar Mahkamasining Normativ atamalar komissiyasi aʼzolari, taniqli olimlar, tilshunoslar, adabiyotshunoslar tomonidan bir necha bor ekspertizadan oʻtkazildi, soha mutaxassislari, ekspertlar ishtirokida jamoatchilik maslahatlashuvlari ham boʻlib oʻtdi. Mazkur jarayonda Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga bir qator oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Konstitutsiyamizning 26-1-moddasiga jinoyat uchun hukm qilingan har kim qonunda belgilangan tartibda hukmning yuqori turuvchi sud tomonidan qayta koʻrilishi huquqiga, shuningdek afv etish yoki jazoni yumshatish toʻgʻrisida iltimos qilish huquqiga ega degan yangi norma kiritilishi taklif etilayapti.

Bu qoidaning Konstitutsiyada aks ettirish nima uchun dolzarb? Ilgari bu boradagi huquqni qoʻllash amaliyoti yoʻqmidi? degan savol tugʻilishi tabiiy. Albatta, bor edi. Yaʼni, sudlanuvchi, uning himoyachisi, qonuniy vakili yoki jabrlanuvchiga birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hukmlari ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish yoki protest bildirish imkoniyatini taqdim etuvchi norma milliy qonunchiligimizda mavjud. Ammo ushbu insonparvar tamoyilning Konstitutsiyamizda aks ettirilishi kelgusida bu qoidaning toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashiga, fuqarolarimizning manfaatini himoya qilishga xizmat qiladi.

Yana bir muhim yangilik. Keyingi yillarda nafaqat respublikamiz aholisi, balki butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan ekologik muvozanatni saqlash masalasiga oʻziga xos yechim boʻladigan yangi norma Konstitutsiyaviy qonun loyihasidan oʻrin olishi kutilmoqda. Loyihaning 40-1-moddasi shaklida kiritiladigan mazkur moddada quyidagi normalar oʻrin olgan. Yaʼni, davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlash, atrof-muhitga xoʻjalik faoliyati va boshqa faoliyatning zararli taʼsir koʻrsatishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Shaharsozlik hujjatlarining loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan oʻtkaziladi.

Bu oʻzgarish albatta jamiyatimizda fuqarolarning ekologik huquqlari va majburiyatlarini belgilash, ayniqsa, mansabdor shaxslarning tabiat himoyasi uchun masʼuliyatini keskin oshirish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, Konstitutsiyamizning yangi 41-2-moddasida oʻqituvchilarning obroʻsini oshirish, ularning jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlashga xizmat qiladigan — Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi, davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi degan normalar kiritilishi nazarda tutilmoqda.

Bu oʻz navbatida, oʻqituvchi maqomini Konstitutsiya darajasida belgilash, uning kasbiy faoliyati daxlsizligi va davlat himoyasida boʻlishi pedagog kadrlarning salohiyatini rivojlantirish bilan birga mamlakatimiz taʼlim tizimining yuksalishiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 56-moddasiga kiritilishi taklif etilayotgan oʻzgartish bilan jamoat birlashmalarining aniq tasnifi va fuqarolik jamiyati institutlarining davlat dasturlarini ishlab chiqishdagi ishtiroki haqida soʻz boradi. Xususan, ushbu moddaga fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi degan norma qoʻshilishi taklif qilinmoqda.

Mazkur norma davlat fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash choralarini amalga oshiradi, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish va ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ularning ishtirok etishini taʼminlaydi.

Barchamizga maʼlumki, mamlakatimizda yoshlarimizning ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, siyosiy huquq-manfaatlarini himoya qilish, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda barcha idora va tashkilotlar masʼuliyatini kuchaytirish boʻyicha koʻplab qonun hamda qonunosti hujjatlari qabul qilingan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan oʻtkazgan uchrashuvida ham bu boradagi islohotlarimizning samaradorligini oshirish bilan bogʻliq normalar Bosh qomusimizda ham aks ettirilishi lozimligi qayd etilgan edi.

Shundan kelib chiqib, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning konstitutsiyaviy kafolatlarini mustahkamlovchi butunlay yangi norma shakllantirildi. Xususan, 65-1-moddaga yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari davlat tomonidan himoya qilinishi hamda ularning jamiyat, davlat hayotidagi faol ishtirokini ragʻbatlantirish davlatning muhim vazifasi ekanligini belgilovchi norma kiritilishi taklif etilayapti.

Shuningdek, mazkur moddaga davlat yoshlarning maʼnaviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning taʼlim olishga, sogʻligʻini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi lozimligi bilan bogʻliq norma qoʻshilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakatimizning sud-huquq tizimini inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi organga aylantirish borasida oʻzimizga xos yutuq va natijalar, shuningdek, fuqarolardan kelib tushgan koʻplab takliflar asosida Konstitutsiyada “Advokatura” nomi bilan ataluvchi yangi bob (XXII-I bob) shakllantirildi. Mazkur bobda inson huquqlarini himoya qiluvchi advokatura tizimini kuchaytirishga xizmat qiluvchi bir qator modda va normalar oʻrin olgan.

Xususan, 116-moddaga jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam koʻrsatish uchun advokatura faoliyat koʻrsatadi, qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan koʻrsatiladi, advokatura faoliyati qonuniylik, mustaqillik va oʻzini oʻzi boshqarish prinsiplariga asoslanadi, advokatura faoliyatini tashkil etish va uning tartibi qonun bilan belgilanadi degan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Shuningdek, yangi 116-1-moddaga quyidagicha norma kiritilishi nazarda tutilmoqda. Yaʼni, advokat oʻz kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi. Advokatga oʻz himoyasidagi shaxs bilan toʻsiqlarsiz va xoli uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar taʼminlanadi. Advokat va uning kasbiy faoliyati davlat himoyasida boʻladi. Advokatning kasbiy huquqlari, shaʼni va qadr-qimmati qonun bilan muhofaza qilinadi.

Taʼkidlash joiz, keyingi yillarda har qanday sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning ijrosini nazorat qilishda, erishilayotgan yutuqlar bilan bir qatorda kamchiliklarni ochiq-oydin ayta olishda jamoatchilik, shu jumladan ommaviy axborot vositalarining oʻrni va roli ortib bormoqda. Takomillashtirilayotgan Bosh qomusimizda ommaviy axborot vositalari vakillari va ularning faoliyati erkinligini kafolatlash borasida ham oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi belgilanmoqda.

Xususan, Konstitutsiyamizning 67-moddasiga quyidagi yangi normalarni qoʻshimcha tarzida kiritish koʻzda tutilmoqda:

Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, axborotdan foydalanish va uni tarqatishga boʻlgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.

Ommaviy axborot vositalarining va jurnalistlarning faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.

Ommaviy axborot vositalari oʻzlari taqdim etadigan axborotning toʻgʻriligi uchun javobgardir.

Bir soʻz bilan aytganda, xalqimizdan kelib tushgan takliflar asosida maromiga yetkazilayotgan, takomillashayotgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi xalqimiz manfaatiga, yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Odiljon TOJIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari,

Konstitutsiyaviy komissiya Matbuot kotibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?