Konstitutsiyaviy komissiya raisi BMT Bosh Assambleyasi raisi bilan uchrashdi

21:13 04 Avgust 2022 Siyosat
617 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi A.Saidov Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi raisi A.Shahid bilan uchrashdi.

Bosh Assambleya raisi tashrif uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston, Prezident Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlar haqida ijobiy fikrlar bildirdi.

A.Shahid Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot, mamlakat konstitutsiyaviy qonun ijodkorligi tajribasining oʻziga xosligi, jamiyatni yanada modernizatsiya qilishdagi ahamiyati haqida taqdim etilgan batafsil maʼlumotlarni katta eʼtibor va qiziqish bilan qabul qildi.

– Amalga oshirilayotgan ulkan ishlar va erishilayotgan yutuqlar uchun buyuk mamlakat boʻlmish Oʻzbekistonga, uning xalqi va rahbariyatiga hurmat-ehtiromimni bildiraman. Biz Birlashgan Millatlar Tashkilotida sizga har qanday yoʻl bilan yordam berishga tayyormiz, – dedi BMT Bosh Assambleyasi raisi.

Konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyatiga toʻxtalar ekan, A.Shahid Oʻzbekiston Bosh Qomusiga taklif etilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bilan hamohang boʻlgan qator muhim vazifalar ustuvorligini belgilab berganini yuksak baholadi.

Shu nuqtayi nazardan, u Oʻzbekiston parlamenti va hukumatining davlat miqyosida BRMga erishish boʻyicha izchil saʼy-harakatlarini, shuningdek, mamlakat rahbariyatining BMT Bosh Assambleyasi BRMni amalga oshirish va inson huquqlarini himoya qilishda aʼzo davlatlarning qonun chiqaruvchi organlari rolini oshirish boʻyicha rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ijobiy qabul qildi.

A.Shahid umuman bu boradagi parlamentlararo hamkorlikning dolzarbligi haqida gapirar ekan, “Bu yerda BMTda amalga oshirilayotgan ishlar faqat milliy parlamentlar orqali hayotga tadbiq etiladi, shuning uchun parlamentlar aʼzolari oʻqitilishi va bilim olishi, hamkorlikni mustahkamlashi zarur”ligini taʼkidladi.

BMT Bosh Assambleyasi raisi joriy yilning sentyabr oyida Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan parlament ayol spikerlarining XIV sammitini olqishladi.

Abdulla Shahid davlatimiz tomonidan ilgari surilayotgan yoshlar huquqlari mavzusini ham ijobiy baholadi. “Yoshlar huquqlarini taʼminlash borasidagi rolingiz tahsinga sazovor. Menimcha, biz siz uchun imkoniyatlarni kengaytirishimiz kerak”, – dedi u.

Shu nuqtayi nazardan, BMT Bosh Assambleyasi raisi Bosh kotib Antoniu Guterrishning BMTda alohida Yoshlar idorasini tashkil etish tashabbusini tilga oldi va bu vazifa uning joriy yil sentyabr oyida vakolat muddati tugaguniga qadar amalga oshirilishiga va yoshlar masalalari boʻyicha hamkorlik istiqbollari ochilishiga umid bildirdi.

Soʻz yakunida A.Shahid Oʻzbekiston BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashida oʻzining yetakchiligini namoyish etayotganini taʼkidlab, unga kengash kun tartibida yoshlar masalalarini ilgari surishda muvaffaqiyatlar tiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?