Konstitutsiyaviy islohotlarning muhim bosqichi

15:10 26 Iyun 2022 Siyosat
4106 0

Foto: Illustrativ foto

Hurmatli yurtdoshlar!

Bugungi kunda mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni qizgʻin pallaga kirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlarining Qoʻshma qarori bilan tuzilgan Konstitutsiyaviy komissiyaga oʻtgan bir oy davomida kelib tushgan 60 mingdan ortiq takliflar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan tayyorlangan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga doir Konstitutsiyaviy qonunlar loyihalari joriy yil 24-iyun kuni Qonunchilik palatasi tomonidan koʻrib chiqildi.

Konstitutsiyaviy qonunlar loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilinib, yagona “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasiga birlashtirildi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Bosh qomusimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq oʻzgartishlar kiritishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilmoqda.

Ularning aksariyati mazmun-mohiyatiga koʻra, “inson — jamiyat — davlat”, «Yangi Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga, yoshlarning huquq va manfaatlarini toʻla taʼminlashga qaratilgan.

Shuningdek, oʻzgartishlar sifatli va malakali tibbiy xizmatni tashkil etish, taʼlimni rivojlantirish, xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, fuqarolik jamiyati institutlarining maqomini va ekologik muhofaza kabi masalalarni konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qoʻyish bilan bogʻliq.

Shu bilan birga, qonun loyihasi davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini takomillashtirish, jumladan, parlament vakolatlarini kengaytirishPrezidentlik institutini takomillashtirish, joylardagi vakillik va ijro hokimiyati organlarini ajratishQoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jihatdan rivojlantirishning konstitutsiyaviy asoslarini yanada mustahkamlash masalalarini ham oʻz ichiga olgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yilning 24-iyunida mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasini umumxalq muhokamasiga qoʻyish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Mazkur jarayon “Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq oʻtkaziladi. Unga koʻra:

1. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida fuqarolarning ishtirok etishi ixtiyoriydir (7-modda).

2. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida ishtirok etishda fuqarolar teng huquqqa egadirlar (8-modda).

3. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi oshkora oʻtadi va ommaviy tusga ega boʻladi (9-modda).

4. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi jarayonida fuqarolar qonun loyihalari boʻyicha oʻz fikrini erkin bildirish huquqiga ega (11-modda).

5. Umumxalq muhokamasiga qoʻyilgan qonun loyihalari davlat organlarining majlislarida, fuqarolar yigʻinlarida, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalarida, harbiy xizmatchilarning yigʻilishlarida, ommaviy axborot vositalari orqali hammuhokama qilinishi mumkin (18-modda).

6. Umumxalq muhokamasi ishtirokchilarining taklif va mulohazalari yakka tartibda yoki jamoa tarzidaogʻzaki yoki yozma shaklda kiritiladi.

Qonun loyihasi yuzasidan taklif va mulohazalarda fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, uning turarjoyi, tegishli organning, tashkilotning nomi va pochta manzili koʻrsatiladi. Qonun loyihasi yuzasidan taklif va mulohazalar imzolangan boʻlishi kerak (19-modda).

7. Fuqarolar qonun loyihasiga doir taklif va mulohazalarini davlat tilida yoki oʻzlari bilgan istalgan boshqa tilda kiritishga haqlidirlar (20-modda).

8. Davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari va ommaviy axborot vositalari, Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, shuningdek Qonunchilik palatasi deputatlari saylov okruglarida qonun loyihalarining umumxalq muhokamasiga doir tadbirlarni tashkil etadilar (16-modda).

Umumxalq muhokamalarini tashkil etish jarayonida davlat idoralari fuqarolarga oʻz xohish-irodalarini emin-erkin bildirishlari uchun barcha qulayliklarni yaratishlari lozim.

9. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi yakunlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan koʻrib chiqiladi (25-modda).

10. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi yakunlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi (26-modda).

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qaroriga koʻra, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasi 2022-yilning 25-iyunidan 5-iyuligacha oʻtkaziladi.

Hurmatli fuqarolar!

Mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasi uchun “Xalq soʻzi”, «Narodnoye slovo» gazetalarida hamda “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasida eʼlon qilinmoqda.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan fikr-mulohazalar hamda takliflaringizni Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasi, 1341 qisqa raqami orqali hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Toshkent shahri, Bunyodkor shohkoʻchasi, 1-uy manzili boʻyicha yuborishingiz yoki bevosita kelgan holda taqdim etishingiz mumkin.

Oʻtkazilgan umumxalq muhokamasi natijasi umumlashtirilib, qonun loyihasi yanada takomillashtiriladi.

Uning natijalariga koʻra, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga qoʻyiladi.

Aziz vatandoshlar!

Bugungi kunda minglab fuqarolarimiz, nuroniy va yoshlarimiz, turli millat vakillari, oʻqituvchilar, tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, umuman, jonajon Oʻzbekistonimiz taqdiriga befarq boʻlmagan yurtdoshlarimiz oʻz takliflarini yuborishda davom etmoqdalar.

Chunki har bir inson ushbu hujjatni meniki, Mening Konstitutsiyam deyishi, unda oʻzini, oilasini, mahallasini, jamiyat va davlatni yillar davomida bezovta qilib kelgan muammolar yechimini koʻrishi muhim.

Yurt kelajagi va Vatanimiz taqdiri Siz va Bizning mazkur jarayondagi faol ishtirokimizga bogʻliq boʻlib, kelgusi taraqqiyotimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur jarayonda barchangizni faol ishtirok etishga chaqiramiz!

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 

Qonunchilik palatasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер