Konstitutsiyaviy islohotlar ekspertlar nigohida

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan pokistonlik hamkorlar bilan “Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan yangi konstitutsiyaviy islohotlar tahlili” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi Jahongir Shirinov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Pokiston “Umumiy kelajak jamiyati” tadqiqot markazi ekspertlari, Islomobod Oliy sudi vakillari, huquq, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar sohasidagi mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda ilmiy doira vakillari ishtirok etishdi.
Davra suhbatida bugungi kunda Oʻzbekistonda kechayotgan ijobiy oʻzgarishlar muhokama qilinib, islohotlarning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.
Shuningdek, tadbirda mahalliy maʼruzachilar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati hamda konstitutsiyaviy islohotlarning barcha bosqichlari boʻyicha maʼlumotlar berib oʻtildi.
Tadbirni moderator sifatida boshqarib borgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov oʻz nutqida Konstitutsiyaviy qonun loyihasida nazarda tutilgan eng asosiy normalarga toʻxtalib oʻtdi.
Jumladan, E.Tulyakov Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyati, “Inson – jamiyat – davlat” asosiy tamoyili va “Inson qadri uchun” gʻoyasini ilgari surishni nazarda tutuvchi mamlakatning asosiy qonuniga kiritilayotgan oʻzgarishlarning mazmun-mohiyatini, konstitutsiyaviy kafolatlar va qonun ustuvorligini taʼminlash, shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish uchun islohotlarning shartlari toʻgʻrisida gapirib oʻtdi.
Shu bilan birga, davra suhbatida Konstitutsiyaviy qonun loyihasida fuqarolarning iqtisodiy huquqlari, xususiy mulkchilik, iqtisodiy faoliyatning erkinligini himoya qilishga oid oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilayotganligi hamda ushbu oʻzgartirishlar xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi.
Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi, Konstitutsiyaviy komissiya aʼzosi Jahongir Shirinov konstitutsiyaviy islohotlarning barcha bosqichlari hamda ushbu jarayonda keng jamoatchilikning ishtiroki yuzasidan maʼlumotlar berib oʻtdi.
Tadbirda ishtirok etgan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Kongratboy Sharipovlar Konstitutsiyaviy islohotlarning ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi ahamiyati qanchalik muhim ekanligini eʼtirof etdilar.
Oʻz navbatida, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni boʻyicha pokistonlik mutaxassislar ham oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Xususan, Pokiston “Umumiy kelajak jamiyati” tadqiqot markazi ijrochi direktori Xolid Taymur Akram oʻz nutqida Oʻzbekistondagi islohotlarning soʻnggi yillardagi dinamikasi, mamlakatdagi konstitutsiyaviy oʻzgarishlar Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirilishida muhim bosqich ekanligini eʼtirof etdi.
– Oʻtgan 5 yilda Oʻzbekistonning rivojlanishida sezilarli siljish koʻzga tashlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida Oʻzbekistonni mintaqadagi muhim davlatga aylantirish, shu bilan birga, xalqaro hamjamiyat eʼtiborini Oʻzbekistonga qaratish borasida ham muayyan natijalarga erishildi. Xususan, Oʻzbekiston iqtisodiy jihatdan nafaqat Markaziy Osiyo, balki Yevroosiyo mintaqasidagi jadal rivojlanayotgan davlatlardan biriga aylandi. Bu esa, tashqi siyosatda oʻzaro mintaqaviy bogʻliqlikni rivojlantirish, jumladan Markaziy va Janubiy Osiyo misolida, shuningdek ichki siyosatda davlat va jamiyat oʻrtasidagi oʻzaro aloqani mustahkamlash jarayonlarida ham yaqqol koʻzga tashlanmoqda.
Ekspertning fikricha, mazkur boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish uchun, albatta mamlakatda Konstitutsiyaviy islohotlarning oʻtkazilishi tabiiy zaruratdir. Shuningdek, ekspert tomonidan Konstitutsiyaviy oʻzgartirishlarda eng avvalo, milliy qadriyatlardan kelib chiqqan holda fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini kafolatlashga, xususan mamlakat aholisining asosiy qismi boʻlgan yoshlarga ham alohida urgʻu berilganligi eʼtirof etildi.
Maryam RAZA,
Pokiston “Umumiy kelajak jamiyati” tadqiqot markazi ijrochi direktori oʻrinbosari:
– Shuni alohida taʼkidlash joizki, bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Oʻzbekiston muhim ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlarga yuz tutmoqda. Oʻzbekistonda inson qadrini yuksaltirishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani yuksak eʼtirofga loyiq. Ishonch bilan ayta olamanki, Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgartishlar mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga katta hissa qoʻshadi.
Muhammad Usama RAUF,
Islomobod Oliy sudining advokati va xalqaro huquq boʻyicha ekspert:
– Konstitutsiyaviy islohotlarda davlat boshqaruvi sohasida ilgari surilayotgan oʻzgartirishlarga alohida toʻxtalib oʻtish joiz. Mazkur jarayonlarda, ayniqsa jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish boʻyicha ilgari surilayotgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlayman.
Ayniqsa, Parlament nazoratini amalga oshirishga oid Oliy Majlis palatalari vakolatlarining konstitutsiyaviy asoslarini kuchaytirish boʻyicha kiritilayotgan takliflar alohida ahamiyatga ega. Tabiiyki, Parlament faoliyatining takomillashuvi davlatning boshqa institutlari samaradorligining ortishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, Islomobod Oliy sudining sobiq bosh advokati Mian Abdul Rauf Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar zamonaviy voqeliklardan kelib chiqqan holda zarur ekanligini, bu, ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchiga aylanishini taʼkidlab oʻtdi.
Davra suhbati yakunida ikki mamlakat tadqiqot markazlari tomonidan kelgusida ham Oʻzbekiston va Pokistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini birgalikda tahlil etish va istiqbolda hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga kelishib olindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida
- AQSH Ukraina uchun tinchlik rejasining asosiy elementini maʼlum qildi
- Shvetsiya parlamenti Ukrainaga 600 million dollarlik harbiy yordam ajratishni maʼqulladi
- Donald Trampning hibsga olinish xavfi maʼlum boʻldi
- Rossiya Belarusda yadro quroli joylashtirishni maʼlum qildi. AQSHda xotirjamlik, Yevropa Ittifoqi esa javob berish bilan tahdid qilmoqda
- Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash toʻgʻrisida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring