Konstitutsiyamizni takomillashtirish masalasi saylovchilarimiz tomonidan koʻtarilgan edi — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Navroʻz Rizayev

22:49 30 May 2022 Jamiyat
413 0

Foto: Халқ сўзи

Samarqand viloyati Urgut tumanida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish boʻyicha tuzilgan milliy komissiya hamda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda OʼzLiDeP ishtirokiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari N. Rizayev, Gʻ. Abdiyev, OʼzLiDeP Samarqand viloyat, Urgut tuman Kengashlari aʼzolari, tumandagi tashkilotlar rahbarlari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, mahalla raislari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, xalq fikrini oʻrganish asosida Asosiy Qonunimizni takomillashtirish yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi sifat darajasiga koʻtarish, xalqimizning turmush farovonligini yanada oshirish, Oʻzbekistonning dunyodagi eng ilgʻor davlatlar qatoriga kirishiga ulkan imkoniyatlar yaratadi.

— Aytish kerakki, Konstitutsiyani takomillashtirish masalasi oʻtgan yilgi saylovoldi jarayonlarida partiyamizdan prezidentlikka koʻrsatilgan nomzod hamda ishonchli vakillarning aholi bilan uchrashuvlarida qariyb barcha hududlarda saylovchilarimiz tomonidan koʻtarilgan edi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi Navroʻz Rizayev. — Xususan, saylovoldi uchrashuvlarida inson huquqlarini mustahkamlash, tadbirkorlik kafolatlarini yanada kuchaytirish, fuqarolik jamiyatini, mahalla, oila institutini rivojlantirish, davlatning ijtimoiy muammolarni hal etishga masʼulligini oshirish, yoshlar, keksalar va nogironlarni qoʻllab-quvvatlash, taʼlim va ilm-fanni yangi bosqichga koʻtarish, ekologiya, ona tabiatni asrash borasidagi huquqiy normalarni qayta koʻrib chiqish yuzasidan takliflar bildirildi. Bosh Qomusimizga kiritiladigan barcha oʻzgartishlarning negizida Oʻzbekistonda kechayotgan islohotlar mohiyatini belgilovchi ulugʻvor gʻoya — “Inson qadri uchun” shiori yaqqol ifodalanishi lozim.

Tadbirda soʻz olganlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish yuzasidan oʻz taklif va mulohazalarini bildirdi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?