Konstitutsiyamizda kasb-hunar oʻrganishni kafolatlash haqida huquqiy normani belgilash taklif etildi

15:29 30 May 2022 Jamiyat
320 0

Foto: Халқ сўзи

Joriy yil 20-may kuni boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi kengashlarining qoʻshma majlisida Konstitutsiyaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etilganidan xabardorsiz. Komissiya aʼzolari Bosh Qomusimizni isloh qilish boʻyicha bildirilayotgan takliflarni oʻrganish maqsadida joylarda uchrashuvlar oʻtkazmoqda.

Ana shunday uchrashuvlardan biri Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov ishtirokida Dehqonobod kaliyli oʻgʻitlar zavodida oʻtkazildi.

Nainki Qashqadaryo viloyati, balki yurtimizdagi eng yirik ishlab chiqarish quvvatlaridan biri boʻlgan Dehqonobod kaliyli oʻgʻitlar zavodi ishchi-xodimlari, mahalla faollari, deputatlar va partiya faollari qatnashgan mazkur uchrashuv qizgʻin tarzda oʻtib, unda Konstitutsiyamizni takomillashtirish yuzasidan bir qator takliflar bildirildi.

Uchrashuvda OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzolari tomonidan bu yoʻnalishda ilgari surilgan tashabbuslar partiyaning maqsad va vazifalari hamda saylovoldi dasturlari bilan hamohang ekani alohida taʼkidlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish boʻyicha ilgari surayotgan taklifini toʻlaqonli amalga oshirishda deputatlar, yoshlar, keng jamoatchilik va xalqimiz birlashgan holda ushbu islohotlarni roʻyobga chiqarishda asosiy drayver boʻlishi kerakligi qayd etildi.

— Uchrashuvda xalqimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan hayotiy islohotlar mohiyatini chuqur anglab, Konstitutsiyamizni takomillashtirishga zaruriyat paydo boʻlganini aytib oʻtishdi, — dedi A. Xaitov. — Shu jihatdan olganda uchrashuv jarayonida juda oʻrinli va foydali takliflar oʻrtaga tashlandi. Xususan, Asosiy Qonunimizga davlatning yoshlarga nafaqat bilim berishni, balki kasb-hunar oʻrganishini kafolatlashi haqidagi huquqiy normani belgilash taklifi diqqatga sazovordir. Chunki yoshlarimiz umumiy oʻrta taʼlim olish jarayonida ertangi kunini, mustaqil hayotini taʼminlash uchun muayyan kasb-hunarni egallasa, ayni muddao boʻladi.

Shuningdek, tadbirda Konstitutsiyaviy oʻzgarishlarni “Inson qadri uchun”, “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili asosida xalqimizning farovonligi yanada yuksalishiga, mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini soʻzsiz taʼminlashga qaratilgan islohotlarni qatʼiy davom ettirish uchun mustahkam poydevor boʻlishi aytib oʻtildi.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?