Konstitutsiyaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha muhokamalar jarayoni davom etmoqda — Shavkat Mirziyoyev

16:57 03 Iyul 2022 Siyosat
722 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan uchrashuv oʻtkazmoqda. Davlatimiz rahbari vatandoshlarimiz va Joʻqorgʻi Kenges deputatlariga murojaat qildi.

“Mamlakatimiz Konstitutsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasining «Favqulodda holat toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq, fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash maqsadida men 2022-yil 3-iyuldan 2-avgustga qadar “Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida favqulodda holat joriy etish haqida”gi Farmonni imzoladim.

Ishonchim komil, ushbu farmon ijrosini taʼminlash davomida koʻpmillatli Qoraqalpogʻiston xalqi mamlakatimiz ravnaqi va farovonligining poydevori boʻlgan tinchlik va barqarorlik, fuqarolar oʻrtasida hamjihatlikni taʼminlash uchun birlashib, barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.

Yana bir bor taʼkidlab aytmoqchiman: “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi eʼlon qilindi va umumxalq muhokamasidan oʻtmoqda. U faqat Oʻzbekiston xalqining taklif va fikrlari asosida oʻzgartiriladi va takomilga yetkaziladi.

Shundan soʻng mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga qoʻyiladi va fuqarolarimiz erkin ovoz berish yoʻli bilan oʻz xohish-irodasini ifoda etadilar. Faqat shundan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritiladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar qonuniy kuchga ega boʻladi.

Bunday yondashuv “Xalq – Konstitutsiyaning birdan-bir manbai va muallifi”, degan prinsipga toʻla mos keladi. Faqat shundagina har bir vatandoshimiz “Yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi – bu mening Konstitutsiyam”, deb gʻurur bilan ayta oladi.

Konstitutsiyaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha muhokamalar jarayoni davom etmoqda. Qoraqalpogʻiston aholisi tomonidan bildirilayotgan fikrlarni oʻrganish asosida Joʻqorgʻi Kenges deputatlari, muhtaram nuroniylarimiz hamda Qoraqalpogʻiston faollari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda men Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda, oʻzgartirmasdan qoldirishni taklif etdim.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yaqin kunlarda bu masalani koʻrib chiqadi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?