Konstitutsiya — yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishda muhim huquqiy asos

20:01 08 Iyul 2022 Jamiyat
1856 0

Kuchli fuqarolik jamiyati va huquqiy demokratik davlat qurishdek ezgu maqsadlar roʻyobini yoshlar ishtirokisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Shu oʻrinda fuqarolik jamiyati tushunchasi haqida toʻxtalib oʻtish joiz.

Fuqarolik jamiyati-yuksak fazilatlarga ega boʻlgan insonlar jamiyatidir. Fuqarolik jamiyati shunday ijtimoiy tuzumki, unda qonunlar ustuvorligi taʼminlanadi, inson huquq va erkinliklari qaror topadi, siyosiy partiyalar va institutlar, mafkura va fikrlarning xilma-xilligi taʼminlanadi, insonga uning iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayoti shakllarini erkin tanlash kafotlatlanadi, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlarining mavqei yuksak boʻladi.

Mamlakatning har bir fuqarosi fuqarolik institutlari faoliyatida keng ishtirok etadi va ular orqali siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy va huquqiy jihatdan oʻz ehtiyojlarini qondiradi. Fuqarolik jamiyatida davlvt va uning organlari faoliyati ustidan fuqarolarning jamoatchilik nazorati oʻrnatiladi.

Konstitutsiyamizning 32-moddasida ham fuqarolarning davlat organlarining faoliyatlari ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanishi koʻrsatib oʻtilgan. Shunga muvofiq, 2018-yilning 12-aprel kuni 21 moddadan iborat Oʻzbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilingani ham bu masalaning huquqiy asosi hisoblanadi.

Qonunga koʻra, fuqarolik jamiyatining toʻrtta asosiy institutlari jamoatchilik nazorati subyekti hisoblanadi. Ularga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari kiradi. Davlatning bir qator vakolatlari jamoat tashkilotlari zimmasiga yuklanadi.

Inson ijtimoiy faolligining asosida uning huquqiy kafolati, erkinligi, jamiyatda demokratik mezonlarning mavjudligi yotadi. Insonlarning birgalikda yashashining kafolati bu jamiyatda, butun dunyoda huquqning, huquqiy madaniyatinig mavjudligidir. Yaʼni, insonlarning va ularning kelajagi boʻlgan yoshlarning yashash, oʻqish, moddiy va maʼnaviy boyliklardan foydalanish kabi huquqlari real qonuniy asosga qoʻyilgan jamiyatdagina shaxsning erkin inson sifatida faoliyat koʻrsatishiga imkon yaratildi.

Shunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 24-moddasida yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi erkinligi, 25-moddasida har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga, 36-moddasida har bir shaxs mulkdor boʻlishiga haqli ekanligi, 41-moddasida har kim bilim olish huquqiga ega ekanligi, 42-moddasida har kimga ilmiy-texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafotlanlanligi belgilab berilgan. Har qanday inson faoliyati-bu uning ongi, fikri, tafakkuri va dunyoqarashining real hayotiy faoliyatiga aylanishi samarasidir. Boshqacha qilib aytganda, mustaqil fikrlashning mahsulidir.

Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillaridan kelajak avlod haqida qaygʻurilgan, maʼnaviyatimizni tiklash va yanada yuksaltirish, milliy taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirishga alohida ahamiyat berib kelinmoqda. Yoshlarning zamon talablari darajasida taʼlim-tarbiya olish, vatanparvar boʻlishi, salomatligini mustahkamlashi, oʻz kuchi, bilim va salohiyatini namoyon etishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda.

Zero, intellektual salohiyatini yuqori, dunyoqarashi keng, mustaqil fikrlaydigan avlodni voyaga yetkazish va tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yunalishlaridandir.

Oʻzbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi qonunlari, yoshlar ishlari sohasiga oid Prezident farmonlari, qarorlari hamda Oʻzbekiston yoshlari — 2030 konsepsiyasi yoshlarimizga zamonaviy standartlar asosida taʼlim-tarbiya berish, ularning iqtidorini yuzaga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Koʻplab ota-onalar, oʻqituvchi va oʻquvchilar hamda keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflar asosida Oʻzbekistonda 11 yillik taʼlim qayta tiklandi. Joylardagi oʻqituvchilarga boʻlgan ehtiyojni qoplash uchun Toshkent viloyatidagi Chirchiq davlat pedagogika instituti va viloyatlardagi universitetlar huzurida pedagogika institutlari tashkil etildi. Bundan tashqari, 15 ta oliy taʼlim muassasasida tashkil etilgan maxsus sirqi boʻlimlarda oʻrta-maxsus maʼlumotga ega boʻlgan 5 mingdan ortiq pedagoglar uchun oliy maʼlumot olish imkoniyati yaratildi.

Taʼlim tizimidagi innovatsiya va kreativ yondashuvlar asosida Muhammad Xorazmiy va Mirzo Ulugʻbek nomlari bilan ataladigan, aniq fanlar chuqur oʻqitiladigan maktablar tashkil etildi.

Jahonga maʼlum boʻlib bormoqdaki, hozir Oʻzbekiston Respublikasida barcha sohada amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida Harakatlar strategiyasi, bugungi kunda esa Taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar yotadi hamda “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik” degan ezgu gʻoya asosida amalga oshirib kelinmoqda.

Oʻzbekistonda taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar natijasini Prezidentimizning Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqidan ham bilish mumkin.

Jumladan, yangi turdagi taʼlim maskanlari ochildi, xususan, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Birgina 2020-yilni oladigan boʻlsak, Oʻzbekistonda matematika fani boʻyicha 56 ta, kimyo-biologiya fani boʻyicha 28 ta, IT sohasida informatika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha 14 ta ana shunday maktablar tashkil etildi.

Jahon tajribasi oʻrganilib, yangi tartib-qoidalar, zamonaviy taʼlim usullari joriy etilmoqda. Jumladan, xususiy maktab ochish uchun litsenziya olish tartibi soddalashtirildi. Nodavlat taʼlim maskanlari davlat tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanayotgani tufayli hozirgi vaqtda ularning soni 195 taga yetdi. Bularning barchasi oʻz ijobiy natijasini bermoqda. Buni 2017 — 2020-yillarda oʻquvchilarimiz nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida 30 ta medalni qoʻlga kiritgani misolida koʻrishimiz mumkin. Yoshlarni talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasb-hunarlarga oʻrgatish uchun 2020-2021 oʻquv yilini oʻzida 339 ta kasb-hunar maktabi, 194 ta kollej va 195 ta texnikum faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Oliy taʼlim tizimini yanada takomillashtirish borasida ham koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2017-2021-yillarda oliy taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Soʻnggi 5 yilda 64 ta yangi oliy taʼlim muassasalari tashkil etilib, yangi tashkil etilgan OTMlar va ularning filiallari hisobidan yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalari soni 141 taga, hududlardagi filiallar 15 taga, xorijiy universitetlar filiallari ham 15 taga yetdi va qabul kvotalari 3 barobar oshirildi.

Shu bilan birga, 2018-2019 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayonlari soddalashtirilib, davlat test sinovlari boʻyicha har bir asosiy fandan boʻladigan test savollari 36 tadan 30 taga tushirildi va test kunlari mamlakat boʻyicha navbatma-navbat 15 kun davomida ochiq muassasalarda shaffof tarzda oʻtkaziladigan boʻldi.

Bundan tashqari, 2020-2021 oʻquv yilidan boshlab kirish imtihonlariga asosiy fanlardan tashqari barcha taʼlim yoʻnalishlariga majburiy boʻlgan Oʻzbekiston tarixi, matematika va ona tili fanlaridan jami 45 ta test savollari joriy etildi, bu yilgi kirish imtihonlarida majburiy fanlardan test savollari soni oʻzgartirilishi mumkinligi aytilmoqda. Bugungi kunda Oʻzbekistonda yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2016-yilgi 9 foizdan 28 foizga yetkazildi. Yaqin yillarda ushbu koʻrsatkichni 50-60 foizga yetkazish moʻljallangan.

Yoshlarning ijtimoiy faolligi, yaʼni jamiyat hayotida faol boʻlishi kelajakka ishonch tuygʻusi asosida shakllanadi. Qachonki inson jamiyat barqaror rivojlanishiga ishonsa, jamiyat qonunlarining ustuvor mavqeini anglasa, kelajakka qatʼiy ishonsagina uning xatti-harakati muayyan maʼno kasb etadi. Yoshlarda ijtimoiy faollik shakllanishida azaliy, umummilliy, diniy va axloqiy qadriyatlarning ham munosib oʻrni bor.

Zotan, xalqimizda jamiyat hayotiy hodisalarini anglashda maʼnaviy-axloqiy va diniy qadriyatlar yetakchi oʻrinni egallab kelgan. Ijtimoiy faollikning shakllanishida eng muhim huquqiy asos va omil bu Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasidir. Ushbu fundamental hujjat demokratik jamiyatimizning rivojlanishi, fuqarolik jamiyatini shakllanishi va takomillashishining qonuniy kafolatidir.

Chunonchi, Konstitutsiyamizning 33-moddasida fuqarolar oʻz ijtimoiy faolliklarini Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yigʻilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga ega ekanligi koʻrsatilgan. Shuningdek, Konstitutsiyamizning 32-moddasida fuqarolar huquqiy-siyosiy faolliklarini jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok qilish yoʻli bilan namoyon etishlari ham koʻzda tutilgan.

Biz demokratik huquqiy davlatda yashayapmiz, kelajakda uning yuqori bosqichi boʻlgan fuqarolik jamiyatini qaror toptirishni maqsad qilib qoʻyganmiz. Bu jamiyat fuqarolarning erkin va demokratik faoliyatlarining keng namoyon boʻlishini taqozo etadi. Kelajagimiz boʻlgan yoshlar oʻqishda, sportda, ilmiy-texnik ijodda, mehnat koʻnikmalarini hosil qilishda, mustaqil hayotiy pozitsiyaga ega boʻlishining ahamiyati ortib bormoqda. Buning uchun birinchidan, oilada sogʻlom muhitning boʻlishi; ikkinchidan, taʼlim muassasalarida sifatli oʻqitish; oʻquvchining fikrini eshitishni va erkin munozarani yoʻlga qoʻyish; uchinchidan, mustaqil fikr yuritish koʻnikmalarini hosil qiluvchi ijtimoiy muhitni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Yoshlarda ijtimoiy faollikning shakllanishi nimalarda, qanday ijtimoiy foydali faoliyatda amalga oshadi?

Bular esa quyidagi omillarda namoyon boʻladi:

— inson jamiyat mahsuli va aʼzosi sifatida jamiyat yaratgan neʼmatlarni qadrlashi va oʻzi ham yaratishni oʻrganishi;

— mehnat qilish uchun yaratilgan shart-sharoitni qadrlay olishi;

— jamiyat bergan bilim, tajriba va tafakkurni anglashi;

— jamiyat aʼzolari Vatanning muqaddas tuprogʻi, havosi, suvi va moddiy boyliklaridan oqilona foydalanishlari va eʼzozlashlari;

— jamiyat ishini oʻz ishi kabi bilish, qadrlash va tashabbus koʻrsatishi;

— oʻzining va avlodlarining farovon turmushini oʻylab, unga astoydil xizmat qilish.

Bunday olijanob sifatlarga ega boʻlish yoshlardan bilim, yuksak eʼtiqod va shijoatni talab etsa, jamiyatdan esa demokratik tamoyillarning barqarorligi, huquqiy asoslarning mustahkamligi va jamiyat aʼzolarini fidoyiligi kabi omillarning rivojlantirishni talab etadi.

Alisher XURSANDOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?