Konstitutsiya yoshlar huquqlari kafolati boʻlmoqda

12:41 28 Noyabr 2020 Siyosat
527 0

Davlat jamiyat boshqaruvida ham, biznesni taraqqiy ettirishda ham, umuman, barcha soha rivojida salohiyati yoshlar muhim oʻrin tutadi. Yoshlar jamiyat uchun “yangi qon” vazifasini oʻtaydi. Yangidan-yangi tashabbus-gʻoyalarni ilgari surish, zamonaviy ish yuritish uslublarini joriy qilishda ularning nuqtayi nazari va saʼy-harakatlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Konstitutsiyamizda yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, oila qurish, yashash joyiga ega boʻlish hamda oʻz iqtidor va salohiyatini namoyon etishi uchun sharoit yaratilishi huquqiy ifodasini topgan.

Hozirgi vaqtda yurtimizda aholining oltmish foizidan ortigʻini tashkil etayotgan navqiron avlod uchun davlat tomonidan keng qamrovli tadbirlar ishlab chiqilib, izchil amalga oshirilmoqda.

Yosh avlodning sogʻlom boʻlib oʻsishi, sifatli taʼlim olishi va barkamol shaxs boʻlib voyaga yetishini taʼminlash, shuningdek, yoshlarning madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari va kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan 5 ta muhim tashabbusni joriy etish boʻyicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Yigit-qizlarimizning biznes loyihalari uchun “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi doirasida 719 mlrd. soʻmlik 4 633 ta biznes loyiha amalga oshirilgan. Hududlarda 125 ta “Yoshlar mehnat guzari”, 19 ta “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi, mamlakatimiz ijtimoiy hayotida faol qatnashib, alohida namuna koʻrsatayotgan yosh oilalarga 1 731 ta “Yoshlar uylari” qurilib, foydalanishga topshirildi.

Yurtimizda tashkil etilayotgan yangi-yangi bogʻchalar, maktablar, oliy oʻquv yurtlari, nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari, madaniyat va sport inshootlari, “Temurbeklar maktabi”, “Prezident maktablari”, “Ijod maktablari” deb nom olgan mutlaqo yangi namunadagi taʼlim maskanlari bugungi globallashuv sharoitida raqobatga qodir boʻlgan yetuk kadrlarning yangi avlodini tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingan boʻlib, 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan.

Taʼlim-tarbiya tizimida ham tub islohotlar olib borilmoqda. Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etildi, maktab taʼlim tizimi tubdan isloh qilinib, 11 yillik umumiy oʻrta taʼlim qayta joriy etildi. Viloyatlarda yangi oliy taʼlim muassasalari, ilmiy va ijodiy markazlar tashkil etilmoqda. Oliy oʻquv yurtlariga qabul kvotalari sezilarli darajada kengaytirildi. Sirtqi va kechki oliy taʼlim shakllari tiklandi. Keyingi uch yil ichida 15 dan ortiq rivojlangan davlatlarning nufuzli universitetlari filiallari ochildi.

Bu dargohlarda taʼlim-tarbiya olgan yoshlar mamlakatimizning kuch-qudrati, dunyodagi mavqeini oshirishga xizmat qilishiga ishonamiz.

Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati aniq maqsadlarni koʻzlagan holda, bosqichma-bosqich, kompleks chora-tadbirlarga asoslangan holda izchil davom ettirilmoqda. Konstitutsiyamiz yoshlar huquqlari taʼminlanishining asosiy kafolati boʻlmoqda.

Dilbar Mamadjanova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Oʻzbekiston XDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?