Konstitutsiya — inson huquq va erkinliklarini taʼminlashning bosh mezoni

13:57 08 Dekabr 2021 Jamiyat
1024 0

Konstitutsiyamizning qabul qilinganiga bu yil 29 yil toʻldi. Faxr bilan qayd etish lozimki, oʻtgan davr mobaynida Bosh qomusimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan xalqaro standartlarga mos ravishda ishlab chiqilgani va inson huquq va erkinliklariga ustuvorlik berilgani eʼtirof etilmoqda.

Darhaqiqat, Bosh qomusimizning 14 moddasida taʼkidlanganidek, davlat oʻz faoliyatini inson va jamiyat farovonligini koʻzlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi.

Konstitutsiyada insonning asosiy huquq va erkinliklariga oliy yuridik maqomi berilib, davlat hokimiyati oʻz faoliyatini inson — davlatning faol ishtirokchisi va oliy qadriyati ekanligi nuqtayi nazaridan tashkil etishi kerakligi belgilandi.

Maʼlumki, inson huquqlariga oid BMT tomonidan 70 ga yaqin, Yevropa Kengashi Bosh assambleyasi tomonidan 160 dan ziyod, YUNESKO tomonidan 70 dan ortiq, Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tomonidan 30 dan ortiq xalqaro konvensiyalar, deklaratsiyalar, paktlar qabul qilingan.

Barcha uchun kamsitishlarsiz, insonga erkin va maqbul sharoitlarda ijtimoiy adolatni eʼlon qilgan birinchi hujjatlardan biri - Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasidir. 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan mazkur hujjatda insonning asosiy huquq va erkinliklarining roʻyxati va mazmuni mustahkamlab qoʻyilgan. Unda «barcha insonlar erkin va insoniy qadr-qimmat va asosiy, tabiiy huquqlarda teng tugʻiladilar.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa eʼtiqodlaridan, mol-mulki, tabaqasi yoki boshqa holatidan qatʼi nazar har bir insonning ehtiyojlarsiz va oʻz shaxsiy daxlsizligi uchun hadiksiramay yashash huquqi, soʻz va eʼtiqod erkinligi, adolatli va butun dunyoda tinchlikka boʻlgan huquqi mustahkamlab qoʻyilgan.

Dunyoning vijdoni, deb ham eʼtirof etiladigan ushbu deklaratsiyadagi normalar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham aks etgan. Masalan, Bosh Qomusimizning 18-moddasida Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi hamda ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida teng ekani hamda imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qoʻyilishi va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos boʻlishi shartligi belgilangan.

Qolaversa, Konstitutsiyamizning “Shaxsiy huquq va erkinliklar” deb nomlangan bobida yashash huquqi va daxlsizlik huquqiga oid normalar mavjud. Yaʼni, yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi ekani va har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga egaligi belgilangan. Bosh qomusimizga muvofiq, hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas.

Qayd etish lozimki, oʻtgan davr mobaynida inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlashning yangi mexanizmlari ishlab chiqildi, qonunchilikka tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi, yangi qonunlar, strategiyalar, yoʻl xaritalari qabul qilindi va inson huquqlarini taʼminlash borasida samarali natijalarga erishildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) faoliyati misolida koʻradigan boʻlsak, Vakilga inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning yangi zamonaviy hamda samarali mexanizmlari taqdim etilganini qayd etish lozim.

Jumladan, soʻnggi yillarda Ombudsmanga Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi koʻrib chiqishi uchun qonunga muvofiq masalalar kiritish, uning majlislarida ishtirok etishi va sud tomonidan koʻrib chiqilayotgan barcha masalalar yuzasidan oʻz nuqtayi nazarini bayon etish, fuqarolar manfaatlarini koʻzlab arizalar va daʼvolar bilan sudlarga davlat boji toʻlamasdan murojaat etish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari vakillarining axborotini eshitish masalasini koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi taklif bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻmitalariga murojaat qilish, inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shartsharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish va boshqa huquqlarga ega boʻldi.

Joriy yil 10-sentyabrda imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni bilan esa Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqi berilmoqda.

Chunki inson huquqlari himoyasiga oid eng samarali takliflar aynan Inson huquqlari boʻyicha vakilning kundalik amaliyotida, odamlar, davlat va nodavlat tashkilotlari, sud hokimiyati va ekspertlik hamjamiyati bilan bevosita hamkorligida shakllanadi. Bu borada yechimini kutayotgan muammolar ham aynan shu jarayonda yuzaga chiqadi.

Shu jihatdan Farmon Ombudsmanga fuqarolar murojaatlarini oʻrganish orqali qonunchilik hujjatlaridagi kamchiliklarni toʻldirish imkonini beradi hamda Ombudsmanning fuqarolar huquq va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha vakolatlarini kengaytiradi. Qolaversa, Ombudsmanning hududlardagi faoliyati yanada kuchaytirilib, 2022-yilning 1-yanvaridan Ombudsmanning mintaqaviy vakillari doimiy asosda faoliyat yuritishi esa, xalqimizning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ularning masalalarini bevosita joyida tezkorlik bilan hal etish orqali taʼminlanishiga zamin yaratadi.

Zero, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) institutining ham asosiy maqsadi insonlarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarining toʻliq taʼminlanishiga erishishdan iborat.

Feruza ESHMATOVA,

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?