Kommunal sohadagi loyihalar haqida axborot berildi

22:05 09 Dekabr 2022 Siyosat
1199 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev kommunal xizmatlarni yaxshilash va aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash borasidagi ishlar hisoboti bilan tanishdi.

Yurtimizda 39 ming 700 taga yaqin koʻp qavatli uylar bor. Ularda yashovchi aholiga sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida boshqaruv-servis kompaniyalari tashkil etilmoqda. Joriy yil boshida bunday tashkilotlar 324 ta boʻlgan boʻlsa, bugungi kunga kelib 766 taga yetgan. Shu tariqa, 36 mingdan ziyod yoki 92 foiz koʻp qavatli uylar boshqaruv-servis kompaniyalari bilan qamrab olingan.

Bu yilning oʻzida ular tomonidan qurilish, taʼmirlash, texnika va uskunalar xarid qilishga 262 milliard soʻm investitsiya kiritilgan. Yangi tashkil etilgan kompaniyalarda 14 mingga yaqin ish oʻrni yaratilgan.

Xonadonlar haqidagi maʼlumotlar va hisob-kitoblar “Mening uyim” billing tizimida mujassam boʻlmoqda. Joriy yilning oʻtgan davrida bu tizim orqali 206 milliard soʻm toʻlangan.

Sohadagi muhim vazifalardan biri – uylarni issiqlik bilan barqaror taʼminlash. Bu borada hududlarda manzilli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Koʻp qavatli uylarning yarmidan koʻpi markazlashgan va individual issiqlik taʼminoti tizimiga ega. Qolganlari muqobil pechlar, elektr isitgichlar yoki boshqa uskunalar yordamida isitiladi.

Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tasarrufida 495 ta qozonxona faoliyat yuritmoqda. 2018-2021-yillarda ularning 47 tasi va 78 kilometr issiqlik tarmogʻi rekonstruksiya qilindi. Bu yil Buxoro, Samarqand, Qarshi, Jizzax, Namangan, Asaka kabi shaharlardagi yana 24 ta qozonxona va 182 kilometr tarmoq yangilandi. Natijada 70 ming xonadon va 113 ta ijtimoiy obyekt uzluksiz issiqlik energiyasi bilan taʼminlandi.

Umuman aytganda, bu loyihalar samarasida koʻp qavatli uylarning issiqlik energiyasi bilan taʼminlanganlik darajasi yanada ortdi. Yiliga 130 million kub metr tabiiy gaz, 1 million 200 ming kilovatt soat elektr energiyasi tejaladigan boʻldi.

Bunday ishlarni izchil davom ettirib, 2023-yilgi investitsiya dasturi doirasida 3 ta yangi qozonxona qurish, 10 tasini taʼmirlash va issiqlik tarmoqlari tortish rejalashtirilgan.

Aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash boʻyicha ham koʻp ishlar qilinmoqda. Joriy yilda 527 ta inshoot hamda qariyb 7 ming kilometr tarmoq barpo etildi. Yil boshida aholining ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 70 foiz boʻlgan boʻlsa, yil yakunida bu koʻrsatkichni 74 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Mahallalar kesimida aytganda, 9 ming 309 ta mahalladan 3 ming 800 tasi toʻliq, qariyb 4 mingtasi qisman markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan. Qolgan qishloqlarga suvni transportda yetkazish, shu bilan birga, imkoni bor joylarga tarmoq tortish choralari koʻrilmoqda. Jumladan, 2023-yilda Investitsiya dasturiga asosan 62 ta, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 373 ta obyekt foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Bu ishlar natijasida 403 ta mahalladagi 3 milliondan ziyod aholining ichimlik suvi taʼminoti yaxshilanadi, 181 ta mahalla ilk bor bu tarmoqqa ulanadi.

Shuningdek, davlatning ijtimoiy buyurtmasi orqali tuman markazidan olisda joylashgan mahallalarni ichimlik suvi bilan taʼminlash loyihalari amalga oshirilmoqda. Kelgusi yilda 17 ta shunday qishloqqa 251 kilometr quvur tortilishi rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari bu ishlarning hayot sifati va aholi salomatligidagi ahamiyatini taʼkidlab, qoʻshimcha koʻrsatmalar berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?