Kollej va texnikumlarga kirishda qanday imtiyozlar berilgan? — dolzarb savollarga aniq javoblar

15:19 19 Noyabr 2020 Jamiyat
376 0

AOKAda oʻtgan brifingda Oliy va oʻrta-maxsus taʼlimi vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Babashev savollarga javob qaytardi. 

Savol: Abituriyentlarni oʻqishga qabul qilishda nogironligi boʻlgan yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun alohida grant oʻrinlari belgilanganmi?

Javob: Professional taʼlim muassasalariga yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan oʻquvchilar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari qabul parametrlaridan tashqari qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.

Savol: Qabul rejasidan ortiq kelib tushgan hujjatlarni qoʻshimcha qabul qilishga ruxsat beriladimi?

Javob: Bu borada ota-onalar va abituriyentlarning takliflari tegishli vazirliklar va idoralar, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan koʻrib chiqiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasiga taklif kiritiladi.

Savol: Qabul kvotasidan kam abituriyent topshirgan, lekin guruh shakllanishi uchun oʻquvchilar soni yetarli boʻlmagan kasblarga hujjat topshirgan talabalar nima qiladi?

Javob: Guruh shakllangan turdosh kasb va mutaxassisliklarga hujjat topshirish imkoniyatlari yaratilishi rejalashtirilgan.

Savol: Yozma imtihonga qatnashmagan talabalarga agar qabul kvotasida yetarli oʻrin boʻlsa, shartnoma asosida oʻqishiga ruxsat etiladimi?

Javob: Professional taʼlim muassasalariga qabul barcha uchun (ham davlat granti, ham toʻlov-kontrakt boʻyicha) teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, kirish imtihonlarida (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihonda eng yuqori ball toʻplagan abituriyentlarning davlat grantlari boʻyicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi taʼminlanadi.

Qolgan abituriyentlar ballar reytingi asosida belgilangan toʻlov-kontrakt parametrlari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar.

Savol: Mehribonlik uyidan kelgan oʻquvchi yozma imtihonga qatnashadimi?

Javob: Professional taʼlim muassasalariga yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan oʻquvchilar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari qabul parametrlaridan tashqari qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.

Lekin kollej va texnikumlarga hujjat topshirgan barcha abituriyentlar saralash imtihonlarida qatnashishi lozim.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?