Kofir-qalʼada geofizik tadqiqotlar olib borildi

11:35 04 Iyul 2022 Jamiyat
284 0

Xalqaro Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti (MIIKAS) mutaxassislari Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va Madaniy meros vazirligi, YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, Madaniy meros agentligi va Samarqand viloyati hokimligi koʻmagida Kofir-qalʼa hududida ilmiy hujjatlar asosida geofizik tadqiqotlar olib bordi.

Tadqiqot 2022-yilning iyun oyida Oʻzbekiston — Italiya arxeologiya loyihasi doirasida oʻtkazildi. Doktor Simone Mantellini boshchiligidagi guruh tomonidan ilgari oʻrganilmagan ikkita joyda arxeologik qazishmalar olib borildi. 

Ushbu arxeologik ekspeditsiya 4 yillik KALAM loyihasining bir qismi hisoblanadi. Volkswagen Stiftung tomonidan moliyalashtirilayotgan loyiha Kofir-qalʼa hududida arxeologiya parki yaratishga yoʻnaltirilgan. Ushbu maqsad yoʻlidagi ilk qadam sayyohlar uchun markaz qurish hisoblanadi.

Kofir-qalʼa manzilgohi Buyuk Ipak yoʻlining ajralmas qismi boʻlgan, shu sababli bu hududda arxeologik tadqiqotlar oʻtkazish va arxeologiya park tashkil etish alohida eʼtibor talab qiladi.

Loyiha ishida xalqaro meʼyor va qoidalar, shuningdek, zamonaviy hujjatlashtirish usullaridan foydalanildi. Geofizik tadqiqotlar rejalashtirilayotgan sayyohlar markazi oʻrnida, qalʼa va Shahristonning ilgari oʻrganilmagan ikkita obyektidagi arxeologik inshootlarni aniqlash uchun oʻtkazildi. 

Tekshiruv natijalari kelgusi arxeologik tadqiqotlar va Kofir-qalʼaning qadimiy oʻrnida arxeologik park barpo etilishiga yordam beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?