Kitoblar — tafakkur chashmasi

15:44 02 Iyun 2023 Jamiyat
1539 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham keng nishonlandi. O‘tkazilgan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda xalqimizning ertamiz egalariga e’tibori, mehru muhabbati yana bir bor namoyon bo‘ldi.

Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tomonidan poytaxtimizdagi “Dream Park” madaniyat va istirohat bog‘ida tashkil etildi. Ushbu “Bolalar kitob festivali”ning ochilishida yurtimizda navqiron avlodning har tomonlama kamol topishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilayotgani ta’kidlandi.

Tadbir doirasida taniqli yozuvchi va shoirlar ishtirokida davra suhbatlari, kitob mualliflari bilan ijodiy uchrashuvlar hamda 30 dan ortiq nashriyot-matbaa korxonalari ishtirokida arzonlashtirilgan kitob savdo ko‘rgazma-yarmarkalari o‘tkazilmoqda.

— Bolalar — hayotimiz davomchilari, kelajagimiz bunyodkorlaridir, — deydi bolalar shoiri Orif To‘xtash. — Shu bois ularning sog‘lom, jismonan baquvvat, ma’nan yetuk bo‘lib ulg‘ayishi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ushbu tadbir bilimlar manbai — kitoblar bilan bog‘liqligi ham bejiz emas. Chunki farzandlarimizda kitobga, mutolaaga muhabbat tuyg‘usini uyg‘ota olsak, millatimiz ertasidan xavotir olmasak ham bo‘ladi. Zero, kitoblar — tafakkur chashmasidir.

Istirohat bog‘i bolalarning sho‘x-shodon kulgusi bilan to‘lib-toshdi. O‘g‘il-qizlarning ko‘zlariga qarab kelajakka bo‘lgan ishonchni, bugungi dorilomon kunlarning sevinchini sezish qiyin emas.

Festival shu yilning 3 iyunigacha davom etadi.

                                                             

Rahmatjon BOBOJONOV (“Xalq so‘zi”).

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер