Kitobxon harbiylar bilimi sinovdan oʻtkazildi

23:24 14 Avgust 2024 Jamiyat
199 0

Harbiy deganda odatda koʻz oldimizga qurollangan, jangovar holatga shay, mard-u maydon yigitlar keladi. Qayd etish joizki, hozirda yurtimiz harbiylarini nafaqat jismoniy kuchi, balki aqliy salohiyatini oshirish ham ustuvor vazifalardan etib belgilangan.

Poytaxtimizda qad rostlagan soʻlim maskan — Gʻalaba bogʻi “Shon-sharaf” muzeyida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan “Eng yaxshi yosh kitobxon” tanlovi ham aynan shu maqsadni koʻzlagani bilan alohida ahamiyatga ega.

Tanlovning yakuniy bosqichiga 8 nafar ishtirokchi yetib kelgan boʻlib, ular oʻzbek adabiyoti, jahon adabiyoti va asarlardan keltirilgan parchalar orqali muallif hamda asar nomini topish shartlari asosida kuch sinashdi.

— Biz bugun nafaqat kuchimiz, balki aqliy salohiyat va bilimimizga suyanib “jangga chiqdik”, aslida bu jarayonda kimning gʻolib boʻlishi emas, biz nimalarga erishib qolganimiz muhim, — deydi tanlov sovrindori, janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi kichik serjanti Shohruh Sogʻindiqov. — Harbiy tizim doirasida ham kitobxonlikka katta eʼtibor qaratilayotgani bizni quvontiradi, albatta. Tanlovda hammamiz gʻolibmiz, chunki, inson bilagidagi kuch qachondir uni tark etishi mumkin, ammo oʻqigan, oʻrgangan narsalari hech qachon tashlab ketmaydi, istalgan payti unga yoʻlchi yulduzdek yordam bera oladi. Kelgusida oʻz kasbimning mohiriga aylanish, sidqidildan mehnat qilish barobarida yanada koʻproq kitob oʻqish, aqlimni charxlab borishni maqsad qildim. Zero, bilim bizning bezavol kuchimizdir.

Tanlov yakunida gʻolib va faol qatnashchilarga Mudofaa vazirligi hamda Yozuvchilar uyushmasining esdalik sovgʻa va mukofotlari topshirildi.

Hulkar SHERZODOVA,

jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер