Kishi virus bilan zararlangan niqobni taqib yursa, koʻp miqdorda virus yuqadimi? — dolzarb savollarga aniq javoblar

AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Barno Odilova aholidan tushgan muhim savollarga javob qaytardi.
Savol: Kishi virus bilan zararlangan niqobni taqib yursa, koʻp miqdorda virus yuqadimi?
Javob: Tibbiy niqobni taqishdan maqsad— havo-tomchi yoʻli orqali yuqadigan kasalliklar tarqalishining oldini olish. Bemor kishi niqobni kasallik manbasi boʻlmaslik uchun ham taqish kerak. Sogʻlom insonlar esa kasallikdan oʻzlarini muhofaza qilish uchun ham undan foydalanishlari zarur.
Niqob faqat foydalanish qoidalariga toʻgʻri rioya qilingandagina samarali boʻladi. Buning uchun niqobni toʻgʻri tanlash (maxsus matodan tayyorlanganligi, uy sharoitida kamida 6-8 qavatli dokadan), uni toʻgʻri taqish (burun va ogʻizni toʻliq yopishi), tez-tez almashtirib turish (har 2-3 soatda) zarur. Bemor niqobni xonada bir oʻzi boʻlganda taqmasligi mumkin, biroq ushbu xonaga bemorni parvarishlovchi oila aʼzolari kirganida albatta niqobda boʻlishi, xonada har 2 soatda namli tozalash ishlari oʻtkazilishi va kuniga 3-4 mahal shamollatib, toza havo kelishini taʼminlash zarur. Mana shunda xonada virusning turli sath va yuzalarda oʻtirib qolishini oldini olgan va xonada virus toʻplanishidan himoyalangan boʻlamiz.
Bemorda kasallikning ogʻir yoki yengil kechishi uning niqob taqishiga emas, balki undagi mavjud surunkali kasalliklar va ularni keltirib chiqaruvchi xavf omillarining (notoʻgʻri ovqatlanish, jismoniy nofaollik, zararli odatlarga berilganlik) mavjudligi sabab boʻlishi mumkin.
Shuning uchun bemor albatta oilaning boshqa aʼzolaridan alohidalanishi, kuniga kamida 3-4 litr iliq holdagi suyuqlik ichishi, kuniga 5-6 mahal ovqatlanishi (bunda asosiy eʼtibor suyuq ovqatlar va xom meva va sabzavotlarga qaratilishi lozim), holatiga koʻra jismoniy faol boʻlishi, ayniqsa nafas mashqlarini bajarishi va toʻgʻri parvarishlanishi juda zarur. Eng asosiysi — barcha davo muolajali faqat shifokor tavsiyasiga muvofiq bajarilishi kerak.
Savol: Astma kasalligi boʻlgan insonlar koronavirusga qarshi qanday profilaktika ishlarini amalga oshirishi kerak? Agar koronavirusni yuqtirib olishsa, qanday muolaja olishi lozim?
Javob: Bronxial astma kasalligi nafas olish aʼzolarining surunkali kasalligi hisoblanib, uning xuruj davri asosan bemorda havo yetishmaslik, boʻgʻilish kabi belgilar bilan kechadi. Barcha surunkali kasalligi boʻlgan bemorlar kabi, bronxial astmaga chalingan bemorlar koronavirus kasalligidan oʻzlarini himoya qilish choralarini koʻrishlari lozim, chunki ushbu kasalliklar birga kechganida asoratlanishi, noodatiy kechuvi kuzatilishi mumkin.
Astmasi bor boʻlgan bemorlar zarurat boʻlmasa koʻchaga chiqmasligi, koʻchaga chiqsa, barcha himoya vositalaridan toʻliq foydalanishi va tez-tez qoʻlini yuvishi, odamlar koʻp toʻplanadigan joylarga borishdan cheklanishi, toʻgʻri ovqatlanishi, jismoniy faol boʻlishi, eng asosiysi kasallikdan qoʻrqish emas, undan himoyalanishi zarur. Koronavirusga chalinib, uning belgilari paydo boʻlsa, darhol shifokorga murojaat qilish va uning tavsiyasiga koʻra davolanish talab etiladi.
Savol: Menda “Sovid-19” aniqlandi. MSKT tahlili oʻpkada ikki tomonlama pnevmoniya, yaʼni 65 foiz zararlangan deb tashxis qoʻydi. 8 kun shifoxonada davolanib chiqdim. Uch kundirki, oʻzimni juda yaxshi his qilyapman, ammo bugundan yana tana haroratim 38,4° gacha koʻtarildi, boshimda ogʻriq bor. Bu oʻtib ketarmikan?
Javob: Kasallik yuzaga kelganida aslo vahimaga berilish emas, balki uni davolash choralarini koʻrish lozim.
Sizda qanday kasallikning belgilari paydo boʻlmasin, darhol shifokorga murojaat qilishingiz zarur. Buning uchun shoshilinch holat boʻlsa, tez tibbiy yordam xizmatiga, qolgan holatlarda yashash joyingizdagi poliklinika yoki QVPga murojaat qiling.
Savol: 8 oylik tugʻilganman, hozir 11-sinfda oʻqiyman. Onlayn darsni tanladim, lekin ustozlarim maktab majburiy deb qoʻyishmayapti. Bormaslikka haqqim bormi? Oshqozonim ham ogʻriydi, uyda normal holatda ovqat yeyolmayman. Yana majburlasa, qayerga murojaat qilsam boʻladi?
Javob: Respublikada oʻrnatilgan tartibga muvofiq, Siz oʻqishning onlayn yoki oflayn tarzda oʻtkazish huquqiga egasiz. Shu bilan birga, xalq taʼlimi tizimida surunkali kasallikka chalingan, bolalikdan nogiron yoki orttirib olingan nogironlik holatida boʻlganligi, uzoq davolanishga muhtoj boʻlgan bolalar, Xalq taʼlimi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligining “Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalarning uyda yakka tartibda taʼlim olishlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2015-yil 30-iyunda 2691-son bilan Adliya vazirligidan roʻyxatdan oʻtkazilgan qaroriga asosan jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalarning uyda yakka tartibda taʼlim olishlari tashkil etiladi.
Buning uchun maxsus komissiyaning xulosasi zarur boʻladi. Shu bilan birga, bitiruvchi sinf sifatida oflayn tizimda taʼlim olish siz uchun foydadan xoli boʻlmaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring