Kiyim-kechak ishlab chiqarish va eksport - «Boboshbek»ning asosiy “drayver”i

18:40 07 Fevral 2023 Jamiyat
457 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanida joylashgan «Boboshbek» MFYda 4 ming 700 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Mahalla ahli ishbilarmonligi bilan azaldan vodiyda mashhurdir.

2021-yili 12-may kuni davlatimiz rahbarining Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida aynan ushbu mahallada zamonaviy logistika va savdo majmuasining birinchi bosqichi tantanali ravishda foydalanishga topshirilgan edi. Shu tariqa boboshbekliklar tor va diqqinafas uylarda kiyim-kechak tayyorlash, qishda loy, yozda chang koʻchalarda savdo qilish azobidan qutulishdi. Ayni paytda muhtasham majmuada 32 ta ishlab chiqarish sexlari faoliyat koʻrsatadi. Har bir sexda 25-45 nafargacha kishi ish bilan taʼminlangan.

Hozirgi kunda boboshbekliklar tayyorlayotgan keng assortimentdagi bolalar, ayollar va erkaklar kiyimlari Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Afgʻoniston singari oʻnlab davlatlarga eksport qilinmoqda.

— Haftaning seshanba va yakshanba kunlari mahalladagi logistika va savdo majmuasida ulgurji bozor boʻladi, — deydi «Boboshbek» MFY boʻyicha hokim yordamchisi Xurshidbek Samatov. — Shu yerning oʻzida xorijlik va mamlakatimizning turli hududlaridan keluvchi xaridorlar oʻzlariga maʼqul boʻlgan kiyim-kechaklarni sotib olishlari mumkin. Bitta bozorda oʻrtacha 150-200 ming dollarlik mahsulot sotiladi.

Zamonaviy majmua ishga tushirilishi natijasida mahallada qisqa fursat ichida 207 ta xonadon vakillari oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida, qariyb yuzta oila yakka tartibdagi tadbirkor sifatida qayd etilgan boʻlsa, 22 ta yuridik shaxs maqomiga ega tadbirkorlik subyektlari tashkil qilindi.

— Mahallada har bir oila oʻz daromadiga ega, — deydi boboshbeklik yosh tadbirkor Iroda Sodiqova. — Misol uchun, bizning seximizda 35 nafar mahalladoshlarimiz doimiy ish bilan taʼminlangan. Hozirda buyurtmalar koʻpligi uchun qoʻlimiz-qoʻlimizga tegmaydi. Shu bois ish joyimizni yanada kengaytirishni rejalashtiryapmiz.

Quvonarlisi, shu kunlarda mahallada yengil sanot mahsulotlari ishlab chiqarish, logistika va savdo majmuasining ikkinchi bosqichi qurib bitkazildi. Majmuaning ikkinchi bosqichi doirasida qiymati 55,1 mlrd. soʻmlik loyiha asosida ikki qavatli 216 ta savdo doʻkoni hamda 230 ta savdo shoxobchasi, xomashyo va tayyor mahsulot omborlari barpo etish ishlari yakuniga yetkazildi.

Mahalladagi hokim yordamchisining qayd etishicha, majmuaning ikkinchi bosqichi foydalanishga topshirilganidan soʻng bitta ulgurji bozorning oʻzida savdo hajmini 300 ming dollarga yetkazish koʻzda tutilmoqda. Oʻz navbatida mahallaning gʻayratli tadbirkorlari yaqin istiqbolda «Boboshbek» brendini yaratish va xorij davlatlarida savdo uylarini ochishni koʻzlab turibdilar.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?