Xususiylashtirish borasidagi ishlar tanqidiy tahlil qilindi

20:59 20 Yanvar 2022 Siyosat
1210 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-noyabr kuni davlat mulkini xususiylashtirish boʻyicha joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Yigʻilishda sohadagi ishlar ahvoli va kelgusi rejalar tanqidiy muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbarining topshirigʻi bilan oʻtkazilgan xatlov natijalariga koʻra, tarmoq va hududlarda samarasiz ishlatilayotgan 2 mingta obyekt borligi aniqlandi.

Jumladan, neft-gaz tarmogʻida 210 ta, aloqa sohasi korxonalarida 152 ta, davlat tijorat banklarida 114 ta, kimyo tarmogʻida 44 ta, energetikada 28 ta sotiladigan bino bor. Viloyat hokimliklari balansida ham 170 ga yaqin boʻsh obyekt yillar davomida sotilmay turibdi.

Yigʻilishda bu borada sustkashlikka yoʻl qoʻygan rahbarlarga intizomiy choralar koʻrilishi belgilandi, ayrimlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Joriy yilda sohadagi ishlarni faollashtirib, natijadorlikni ikki barobar oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Masalan, hududiy obyektlar va noqishloq yerlarni xususiylashtirish orqali yil yakunigacha jami 8 trillion soʻmdan ziyod tushumni taʼminlash mumkin.

Shu bilan birga, xatlovni davom ettirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Nosohaviy, samarasiz va boʻsh turgan aktivlarni aniqlash hamda ochiq savdolarga chiqarishga viloyat hokimlari va tarmoq rahbarlari shaxsan masʼul etib belgilandi.

Bugungacha savdoga qoʻyilgan 33 mingta yer uchastkasini mulk huquqi asosida sotish, shuningdek, 1-iyulga qadar yana 25 mingta maydonni auksionga chiqarish vazifasi qoʻyildi.

Yoʻl, transport, neft-gaz, energetika, avtomobilsozlik tarmoqlariga qarashli 266 ta korxonani alohida yondashuv asosida savdoga chiqarish kerakligi aytildi.

– Hali koʻplab tarmoq rahbarlari tizimidagi nosohaviy korxonalarni samarasiz ishlatmoqda. Yirik tarmoqlarda 480 ta korxonadagi davlat ulushini toʻliq xususiy sektorga berish mumkin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan kelib chiqib, Bosh vazirga “Oʻzavtosanoat”, “Oʻzbekiston temir yoʻllari”, “Oʻzbekneftegaz”, “Hududiy elektr tarmoqlari” kabi tarmoqlardagi tegishli obyektlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazib, ularni xususiylashtirish boʻyicha taklif kiritish topshirildi.

“Fargʻonaazot”, “Bektemir spirt zavodi”, “Qoʻqon biokimyo”, “Dehqonobod kaliy zavodi”, “Kvars”, “Xayyat” kabi yirik majmualarga salohiyatli investorlarni jalb qilish muhimligi qayd etildi. 23 ta aksiyadorlik jamiyatining aksiyalarini birlamchi sotish orqali fond bozoriga chiqarish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Boʻsh turgan binolardan foydalanishning yana bir usuli – ijara. Yigʻilishda bu boradagi imkoniyatlar ham koʻrsatib oʻtildi. Hududlar va tarmoqlar tasarrufidagi davlat mulklari ijarasi hisobiga joriy yilda 500 milliard soʻm tushumni taʼminlash mumkinligi aytildi.

Bundan buyon, uch oydan ortiq boʻsh turgan obyekt ijaraga berilishi yoki sotuvga chiqarilishi shartligi belgilandi. Davlat aktivlari agentligiga davlat ulushi bor korxonalarning ijara shartnomalarini ochiq-oshkora roʻyxatga olish va onlayn nazorat qilish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriq berildi.

Yigʻilishda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, hududlar va tarmoqlar kesimida 2022-yil xususiylashtirish dasturi tasdiqlanadigan boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер