Xususiy yoʻllar qurilishi uchun qonunchiligimizda huquqiy asoslar yaratilganmi?

23:07 10 Iyun 2022 Jamiyat
391 0

Maʼlumki, davlat iqtisodiyotining faol oʻsishi yoʻllarning sifati va yoʻl tarmogʻi infratuzilmasi bilan bevosita bogʻliq hisoblanadi. Yoʻl tarmogʻi va transport infratuzilmasining rivojlanishi iqtisodiy aloqalarning intensivligini belgilaydi va mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishning eng muhim shartlaridan biridir.

Soʻnggi yillarda yoʻl qurilishi sohasiga alohida eʼtibor qaratilib, koʻplab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Avtomobil yoʻllarini qurish va ulardan foydalanish sohasida ishlarni tashkil etishning ilgʻor xorijiy uslublarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 27-noyabrdagi PQ-4035-son va “Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2019-yil 1-fevraldagi PQ-4143-son qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan yoʻl qurilishini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 425-son va 2022-yil 2-fevraldagi “Avtomobil yoʻllari sohasida ochiqlik standartlarini joriy etish va sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 49-son qarorlari bu sohadagi islohotlarni yanada jadallashtirishda muhim oʻrin tutadi.

Jumladan, “Avtomobil yoʻllari sohasida ochiqlik standartlarini joriy etish va sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qaroriga koʻra, 2022-yil 1-iyuldan avtomobil yoʻllari sohasiga tegishli maʼlumotlar bazasini oʻz ichiga olgan “Shaffof yoʻl” platformasi ishga tushirilishi, “Ochiq byudjet” axborot portali orqali tuman (shahar)lar byudjetlari parametrlarida hududiy ichki yoʻllarini taʼmirlash uchun ajratilgan mablagʻlar jamoatchilik fikri asosida shakllangan ichki xoʻjalik yoʻllarni taʼmirlashga yoʻnaltirilishi belgilandi.

Biroq, mamlakatimizda xususiy yoʻllar qurilishiga oid umumiy tashkiliy-huquqiy asoslar yaratilgan boʻlsada, bugungi kunga qadar xususiy yoʻllar qurilishi amalga oshirilmagan.

Maʼlumot uchun: Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlari sohasida davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Avtomobil yoʻllari qurish va foydalanish sohasida ishlarni tashkil etishning ilgʻor xorijiy usullarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 27-noyabrdagi PQ-4035-son qarori qoidalari hisobga olingan holda amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 05.12.2018-yildagi 990-sonli “2018 — 2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar haqida”gi qarorida investorlar va tadbirkorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida pullik magistral yoʻllar qurish uchun yoʻl va yer uchastkalari berilishi belgilangan.

2019-yil 29-apreldagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika iqtisodiyotiga toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, yaqin yillarda “Toshkent–Andijon” va “Toshkent–Samarqand” yoʻnalishlari boʻylab pulli avtomobil yoʻllari qurilishi belgilandi.

Amaldagi qonunchilik tahlili mamlakatimizda xususiy yoʻl qurilishini bevosita tartibga solish uchun huquqiy asoslar yetarli emasligini koʻrsatmoqda. Jumladan, “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi Qonunning 2-moddasida haq toʻlanadigan avtomobil yoʻllari sohasidagi munosabatlar alohida qonun bilan tartibga solinishi belgilangan boʻlsada, amaldagi qonunchilik hujjatlarida mazkur munosabatlar tartibga solinmagan. Shuningdek, xususiy yoʻllar qurilishi davlat-xususiy sherikchiligi shartlari asosida tashkil etilishi sababli mazkur sohadagi umumiy masalalar “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonun bilan belgilansada, xususiy yoʻllar qurilishini maxsus tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat mavjud emas.

Joriy yilning 7-iyun kuni Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev boshchiligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham transport sohasiga xususiy investorlarni jalb qilish ishlari sustligi taʼkidlangan. Jumladan, Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon yoʻnalishidagi tez yurar avtomobil yoʻllarini qurish boʻyicha xususiy sheriklik loyihalari qoniqarsizligi misol sifatida keltirib oʻtilgan.

Shu sababli, bugungi kunga qadar umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, shaharlar va boshqa aholi punktlarining koʻchalari esa mahalliy davlat hokimiyati organlari ixtiyorida qolmoqda (“Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi Qonunning 9 va 10-moddalari).

Maʼlumot uchun: Umumiy foydalanishdagi yoʻllar 42654 km. Hozirgi kunda avtomobil yoʻllarining 3993 km (9 foizi) xalqaro, 14 203 km (33 foizi) davlat hamda 24 673 km (58 foizi) mahalliy ahamiyatdagi yoʻllar hisoblanadi.

Mazkur sohada xususiy sektor ulushining mavjud emasligi natijasida ushbu sohaga ajratilayotgan davlat xarajatlari oshib bormoqda. Masalan, 2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan aholi punktlarida ichki yoʻllarni hamda ulardagi koʻpriklarni taʼmirlash va rekonstruksiya qilish uchun 2,1 trln soʻm, 2022-yilda Avtomobil yoʻllarini rivojlantirish maqsadli jamgʻarmasiga transfertlar 4, 8 trln soʻm ajratilgan. Hukumat tomonidan yoʻllar qurilishiga 1 mlrd 600 mln dollarga yaqin tashqi qarz mablagʻlari jalb etilgan.

Taʼkidlash kerakki, xususiy yoʻllar tirbandliklarni oldini olishda, davlat byudjetidan yoʻl qurilishi uchun sarflanadigan xarajatlarni kamaytirishda, foydalanuvchilarga qulaylik yaratishda muhim ahamiyatga ega. Shu sababli barcha davlatlarda bunday yoʻllarga boʻlgan ehtiyoj ortib bormoqda.

Xorijiy rivojlangan davlatlarda bugungi kunga kelib pulli avtomagistrallar tizimi Yevropa, Osiyo, Amerika, Avstraliya va Afrika qitʼalaridagi koʻplab davlatlarni qamrab olgan. Bugungi kunda nafaqat mamlakat ichidagi shaharlararo yoʻllar, balki bir necha davlatlar hududidan oʻtuvchi yoʻllar ham xususiylashtirilmoqda.

Maʼlumot uchun: Bugungi kunda dunyo miqyosidagi pulli yoʻllarning 70 foizi Xitoy hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Xorijiy davlatlarda yoʻllarda xususiy sektor ishtirokining eng keng tarqalgan qonuniy vositasi bu konsessiyadir. Konsessiya shartnomasiga koʻra, xususiy sektor firmasi yigirma yoki oʻttiz yil davomida yoʻlni quradi, unga texnik xizmat koʻrsatadi, undan foydalanadi va moliyalashtiradi. Hukumat xususiy firmaga yoʻl foydalanuvchilaridan toʻlov undirish huquqini beradi.

Masalan, Xitoyda pulli yoʻllar qurish uchun xususiy pudratchiga yer ajratish va faoliyatini amalga oshirish uchun shartnomalar tuzilib, shartnomada yoʻllar muayyan muddat 15 yoki 25 yildan soʻng davlatga oʻtishi, davlat esa oʻz navbatida uni bepul, yaʼni umumfoydalaniladigan yoʻlga aylantirishi mumkinligi belgilangan.

Shuningdek, Xitoyning “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi Qonunida xususiy yoʻllar qurilishini tashkil etishga oid normalar mavjud. Jumladan, bu jarayon quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  • Magistral yoʻl organlari tomonidan jismoniy, yuridik shaxslar yoki guruhlar tomonidan quriladigan avtomobil yoʻllari tizimlari va yordamchi loyihalarni, jumladan, yoʻl boʻylab toʻxtash joylarini qurish boʻyicha eʼlon berish;
  • Davlat yoki xususiy muassasalar tomonidan ariza, qurilish taklifi, moliyaviy taklif, tayyorgarlik davri jadvalidan iborat loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va loyiha hujjatlarini tasdiqlatish uchun avtomobil yoʻllari organlariga murojaat qilish;

3) Avtomobil yoʻllari organlari tomonidan avtomobil yoʻllari va yordamchi loyihalarni qurish uchun berilgan arizalarni quyidagilarga muvofiq koʻrib chiqish:

- qurilish taklifining maqsadga muvofiqligi.

- moliyaviy taklifning maqsadga muvofiqligi.

- Hukumat tomonidan koʻrsatiladigan yordamning maqbulligi.

4) Avtomobil yoʻllari va yordamchi loyihalarni qurishga rozilik berish.

Janubiy Koreyaning 2017-yil 21-martdagi 14717-sonli “Pulli yoʻl haqida”gi Qonuniga (Tool road act) koʻra, xususiy subyektlar davlat-xususiy sherikchiligi asosida pulli yoʻllarni qurish yoki modernizatsiya qilish tashabbusi bilan chiqishi mumkin. Ularning soha doirasidagi faoliyati mazkur Qonundan tashqari “Infratuzilma sohasidagi davlat-xususiy sherikchilik toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan ham tartibga solinadi. Ushbu Qonunning 26-moddasiga koʻra, agar infratuzilma loyihasini amalga oshirgan konsessioner qurilish tugaganligi tasdiqlovchi sertifikatni olgan boʻlsa, vakolatli organ tomonidan konsessionerga boshqaruv va undan foydalanish huquqi beriladi.

Irlandiyada “Yoʻllar toʻgʻrisida”gi Qonunining 5-bobida keltirilishicha, pulli yoʻllarni qurish davlat tomonidan davlat-xususiy sherikchilik asosida yoki mustaqil xususiy subyektlar tashabbusi orqali amalga oshiriladi. Xususiy tadbirkorlar oʻzlari tashabbus koʻrsatgan yoʻllardan foydalanilgan transport toʻlovlarini undirish huquqiga ega.

Transport vositalaridan toʻlovlarni yigʻishda quyidagilar bajarilishi kerak:

  • fuqarolarni taklif etilayotgan yoʻl qurilishi toʻgʻrisida xabardor qiluvchi ommaviy eʼlon berish;
  • toʻlov sxemasi loyihasini ishlab chiqish;
  • pullik yoʻl joylashgan hududdagi mahalliy hokimiyat organlariga xabar berish.

Mudofaa kuchlariga tegishli boʻlgan va rasmiy maqsadlarda foydalaniladigan transport vositalari, oʻt oʻchirish brigadalari va tez yordam mashinalari, shu jumladan, ayrim transport vositalari pullik toʻlovlardan ozod qilinadi. Shuningdek, nogiron haydovchilar yoki yoʻlovchilar uchun moslashtirilgan transport vositalari ham toʻlovdan ozod qilinish huquqiga ega. Bundan tashqari, elektr transport vositalari ham past emissiyali transport vositalari uchun toʻlovni ragʻbatlantirish sxemasi boʻyicha chegirmali toʻlovlarni amalga oshiradi.

Yoʻllardan foydalanish toʻlovlari naqd pulda yoki “eToll” tegi orqali onlayn toʻlanishi mumkin.

Agar yoʻldan foydalanish toʻlovi toʻlanmasa, ushbu toʻlovlar va jarimalar jinoiy yoki fuqarolik protsessual tartibida undirilishi mumkin. Dastlabki qoidabuzarlik uchun jarimalar (mazkur jarimaning toʻlanishi yoʻldan foydalanganlik toʻlovini toʻlamaslikni anglatmaydi) oʻtkazib yuborilgan kunlarga mos ravishda 3-148 € tashkil etadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, respublikamizda ham konsessiya shartlari asosida xususiy yoʻllar qurilishini bevosita tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish taklif etiladi.

Yoʻl qurilishi sohasini takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan tahlil-tadqiqot ishlari amalga oshirilgan.

A. SAFAROVA,

Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti masʼul xodimi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?