Xumoraning orzusi ushaldi

16:04 01 Iyul 2022 Jamiyat
369 0

Foto: Xalq so‘zi

Jizzax viloyati Baxmal tumani Toypoqsoy qishlogʻida yashovchi 17 yoshli Xumora uchun Yoshlar kuni hayotidagi eng muhim sana, qoʻshaloq bayram sifatida qoladigan boʻldi. Xumora Respublika bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotganida Prezidentimizga maktub yozib, kelajakda shu yurt uchun xizmat qilmoqchiligi, buning uchun, avvalo, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetiga oʻqishga kirish orzusi bor ekanligini bildirgan edi.

Yoshlar kuni munosabati bilan viloyat va tuman hokimliklari masʼullari, jamoat vakillaridan iborat faollar Xumora yashaydigan uyga tashrif buyurdi.

— Qizimiz bilan suhbatlashib, uning tirishqoqligi, bilimga chanqoqligi, orzu-umidlari yuksakligiga yana bir bor amin boʻldim, — deydi Oʻzbekiston jahon tillari universiteti prorektori Alisher Abidjonov. — Qizimiz davolanib uyiga qaytibdi, bundan juda xursandmiz. Qishloq xushmanzara, sersuv, togʻ bagʻrida joylashgan, bu havodan nafas olgan va suvidan ichgan insonning tanida kasallik alomatlari qolmaydi, albatta.

Xumoraga maktubdagi tilaklarning ijobati sifatida universitet talabaligiga davlat granti asosida qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi sertifikat tantanali ravishda topshirildi.

Shundan soʻng Prezidentimizning javob maktubi oʻqib eshittirildi.

— Maktubni oʻqishayotganida koʻzlarimdan tirqirab yosh oqib ketdi, — deydi Xumora Xudoynazarova. — Davlatimiz rahbarining alohida eʼtibori, mehri va gʻamxoʻrligi butun oilamiz va qishlogʻimizni cheksiz quvontirib yubordi. Endi men ham ishonchni oqlab, kasallikni yengib, chuqur bilim olishga va yurtimizga xizmat qilishga vaʼda beraman.

Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?