Xudoyberdi Toʻxtaboyev: “Vaqt yerga tushgan ushoqdan ham qadrliroq..”

14:53 04 Iyun 2020 Madaniyat
2779 0

Bolalik inson umrining eng begʻubor fasli. Bu faslni oʻtkinchi hoyu havas bilan oʻtkazmaslik, kitob bilan hamnafaslikda oʻtkazish joiz. Zero, qalbu shuurimizni yoritguvchi, boyitguvchi – U.

Tahririyatimiz Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, bolajonlarning qadrdon “doʻsti”, dunyoning 130 tiliga oʻgirilgan “Sehrli qalpoqcha” qissasi, “Sariq devni minib”, “Sariq devning oʻlimi”, «Sehrgarlar jangi yoxud shirin qovunlar mamlakati» kabi koʻplab mashhur asarlar muallifi Xudoyberdi Toʻxtaboyev bilan suhbat tashkil etdi. Ustoz yozuvchining bolalik xotiralari, bolalar adabiyoti hamda kichkintoylarni kitobxonlikka qiziqtirish borasidagi fikr-mulohazalarini eʼtiboringizga havola etamiz.

 Bolaligingizda oʻyinqaroq boʻlganmisiz? Qanday xalq oʻyinlarini oʻynagansiz?

— Bizning davrimizda yetti yoshdan dalada ishlab boshlar edik. Shunga qaramay, boʻsh vaqt topdik deguncha maydonda guruh-guruh boʻlib, “chillak”, «yashrin topaloq», “uzoqqa sakrash”, “qoch, bolam, soy keldi” kabi koʻp va xoʻp qiziqarli oʻyinlarni oʻynar edik. Ayniqsa, topishmoq aytish eng sevimli mashgʻulotimiz edi. Bu kabi xalq oʻyinlari nafaqat jismimizni, balki aqlimizni-da chiniqtirar edi. Biroq kecha biz sevib oʻynagan xalq oʻyinlarini bugungi bolalar oʻynamaydi. Endilikda ularning oʻrnini kompyuter oʻyinlari egallagan afsuski...

 Bugungi bolalarda taajuublanish kamroq. Ularni hayron qoldirish, ishontirish qiyin boʻlib qoldi. Bunga nima sabab deb oʻylaysiz?

 Bolalarning ruhini, ongini, qalbini oʻziga tortadigan televideniye paydo boʻldi. Hatto besh yashar bola ham televizor va kitob orasida zangori ekranga koʻproq qiziqish bildiradi. Qolaversa, internet ham ularning butun eʼtiborini jalb qilgan. Endi ularni texnikadan ayro tutib boʻlmaydi. Shunga qaramay, kitob bilan, mutolaa bilan bolaning his-tuygʻulari temirlashishini oldini olish mumkin.

Endi biz ham ana shular kabi asarlar yaratishimiz kerak, bolalar qiziqib oʻqiydigan, bir-biriga maqtanib aytib beradigan kitoblar yozishimiz kerak. Anvar Obidjon, Dilshod Rajab, asta-sekin bolalar adabiyotiga kirib kelayotgan Otabek Quvvatov qissalarida ham fikr bor, ham yumor. Mana shunday ijodkorlarni koʻpaytirish lozim.

 Bolalik davri ham turlicha: kichik yosh, oʻrta yosh, katta yosh. Qaysi davrda bolalarga qanday janrdagi kitoblarni oʻqishini tavsiya etasiz?

 Har bir yoshning oʻzini masʼuliyati boʻladi. Bola bolalikda zarur boʻlgan hamma narsani oʻzlashtirishi lozim. Boʻlmasa oʻsmirligi chala boʻlib qoladi. Vaqt yerga tushgan ushoqdan ham qadrliroq. Shu sababdan bolaning yettiga toʻlishini kutmay, 3-4 yoshidanoq ertaklar oʻqib berib, kitob bilan ularni doʻstlashtirish kerak. Topishmoqlar fikrni, maqollar tilni rivojlantiradi. Shu bois insonning bolaligida topishmoqlar, maqollar, ertaklar eshitib ulgʻayishi faqatgina koni foydadir. Sababi kichik yoshda fikr, ong, tafakkur shakllanadi. Keyin qotib qoladi. Bolalik 11 yoshda tugaydi. 11 yoshdan keyin oʻsmirlik boshlanadi. Oʻsmirning yoshi 11-12 dan oʻtdimi, dunyo adabiyotidan Jyul Vern, Mark Tvenni oʻqishni boshlashi kerak.

 Bolalar adabiyotini qanday qilib rivojlantirish kerak deb oʻylaysiz?

 Bu avvalo nashriyotlarimizga bogʻliq. Yaxshi kitoblarni qayta-qayta va koʻp nusxada nashr etishi kerak.

Aslida kichkintoylarga bevosita oʻqib beradigan kitoblarimiz kam. Oʻqiladigan, qiziqarli kitoblarning esa targʻiboti yoʻq. Oʻqishli, qiziqarli kitoblarni koʻpaytirish, ularning targʻibotini kuchaytirish kerak. Shu joyda yozuvchi Said Ahmadning bir gapini keltiraman: “Bolaga kitob yozayotgan yozuvchi shu kitobni tugatmaguncha bola boʻlib turishi kerak. Boʻlmasa bu kitobni hech kim oʻqimaydi.” Demak, yozuvchi oʻzini ruhiyatini bolaning nomidan berishi kerak. Bolalar yozuvchisi ruhiyatni shakllanishini bilishi darkor. Yozuvchi yana shuni inobatga olishi kerakki, ikki marta oʻqishga arzimaydigan kitob bir marta oʻqishga ham arzimaydi. Yaʼni, bolalar uchun asar yozayotganda, ijodkor uning ikki-uch marta oʻqilishini ham nazarda tutish kerak.

 Sizni nima oʻylantiradi koʻproq? Yozuvchi va inson sifatida.

 Men hamisha yozuvchi sifatida ham, oddiy inson sifatida ham bolalarni oʻylayman. Ularga yangi va yaxshi asarlar ilinaman.

Bugun maktablarda taʼlim-tarbiya juda tez, jadal rivojlanib borilyapti. Qaysi maktabga bormang oʻquvchilar darsliklarni yaxshi oʻzlashtiryapti. Lekin mana shu yerda eʼtibordan chetda qolayotgan bir kamchilik bor. Sinf rahbarlari oʻquvchilarga uyga topshiriq beryapti ishlab kelishga. Shuning oʻrniga yoki qoʻshimcha sifatida biror badiiy kitobni ham mutolaasini uyga topshiriq qilib bersa nur ustiga aʼlo nur boʻlar edi. Bundan tashqari, tarbiyaviy soatlar bor maktablarda. Mana shu soatlarda maʼnaviyat rahbarlari bilan kelishgan holda, mutolaa soatlarini ham yoʻlga qoʻyish lozim. Bu albatta bolaning tarbiyasiga taʼsir oʻtkazmay qoʻymaydi. Gapirsam oʻylarim juda koʻp...

 Farzandlarini kitob bilan doʻstlashtirish uchun ota-onalarga qanday maslahatlar berasiz?

 Bir yarim yillar avval Beshariq tumaniga borgandim. Sanatoriyga. Shunda bir-ikki maktablarga bordim, kitobxon oʻquvchilarni koʻrib xursand boʻldim. Ayrim oʻquvchilarning uylariga ham bordim, kitobxonlarni axtarib. Borganimda rangi-qutim oʻchib ketdi. Aksariyat oʻquvchilar, ota-onalari ham uyda kitob oʻqimaydi. Yana biriga borgandim, “Oʻrikzor” degan kitob oʻqiyotgan ekan (oʻrikni qanday parvarishlashga bagʻishlangan kitob).

Aytmoqchi boʻlganim, vaqti-vaqti bilan ota-onalarning kitobxonligini maktab boshqarishi kerak. Ming topshiriq bermang, bolaning nozik joyi muallimning qoʻlida. Ana shu yerdan qattiq ushlasa bola kitobga oʻrganadi. Shuningdek, kitob oʻqimagan ota-onaning ham farzandi kitobxon boʻlmaydi. Oilaviy kitobxonlik boʻlsa, bola shundan oʻrnak oladi. Zero, qush uyasida koʻrganini qiladi. Shunday emasmi?

Yulduz Oʻrmonova suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?