Xoʻjakoʻrsinlikdan kimga naf?

15:18 24 Fevral 2022 Jamiyat
335 0

Foto: Халқ сўзи

Xalq bilan muloqotning samarali yechimi sifatida oʻzini oqlagan sayyor qabullar joylarda yillar davomida toʻplanib qolgan va aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlib kelayotgan muammolarni bartaraf etishda muhim oʻrin tutmoqda.

— Sayyor qabullarda yurtdoshlarimiz nafaqat shaxsiy, balki ijtimoiy ahamiyatga ega masalalar bilan ham murojaat qilishmoqda — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Kogon tuman Xalq qabulxonasi mudiri Said Mirzayev. — Yaqinda “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yigʻinining Qizilgul qishlogʻida tashkil etilgan tuman hokimi sayyor qabulida shunga yana bir karra guvoh boʻldik.

Uchrashuvda koʻplab murojaatlar tushdi. Ularning aksariyatiga yechim ham topildi. Shu asnoda qishloq aholisining hududda oʻrnatilayotgan beton tayanch ustunlar masalasidagi shikoyati tashkilotchilar eʼtiborini tortmay qolmadi. Aytishlaricha, tuman elektr tarmoqlari idorasi tomonidan bajarilayotgan bu ishda standart talablariga rioya etilmayapti. Beton tayanch ustunlarning yerga koʻmiladigan qismi qora mazut bilan boʻyalmasdan oʻrnatilmoqda.

— Murojaatni oʻrganish maqsadida qishloqda oʻrnatilgan beton tayanch ustunlarning yerga kirgan qismi kovlab koʻrildi, — davom etadi qabulxona mudiri. — Darhaqiqat, ularning tuproqdan yuqori qismi mazut bilan boʻyalgan, xolos. Yerga kirgan qismi esa shundoqligicha turibdi. Binobarin, aholining eʼtirozida jon bor: gidroizolyatsiya qilinmagan beton ustun vaqt oʻtgan sayin tashqi taʼsirlar oqibatida yemiriladi, xizmat qilish muddati qisqaradi. Bundan esa odamlar va davlat ziyon koʻradi. Axir bunday beton tayanch ustunlar uchun ozmuncha mablagʻ sarflanadimi?

Shunday ekan, bunaqa xoʻjakoʻrsinlik kimga kerak boʻlib qoldi, degan savol tugʻiladi. Shu ishga masʼul korxona mutasaddilari nega bu holga oʻz vaqtida chek qoʻyishmadi?

Aytmoqchi, aholining bu murojaati ham alohida eʼtiborga olindi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Kogon tuman Xalq qabulxonasi tomonidan tuman elektr tarmoqlari korxonasiga yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan taqdimnoma kiritildi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?