Xoʻjaylilik 200 nafar oʻgʻil- qiz taʼtilni Buxoro oromgohlarida oʻtkazmoqda

Foto: Xalq so‘zi
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Xoʻjayli tumanidagi 27 – umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Ulugʻbek Ibragimov uchun bu galgi yozgi taʼtil oʻzgacha kechmoqda. Rassomlikka mehr qoʻygan Ulugʻbek taʼtilni Buxorodagi soʻlim “Neftchi” oromgohida oʻtkazyapti. U bu yerda dam olib, mazmunli hordiq chiqarayotgan qoraqalpogʻistonlik 50 nafar bolaning biridir.
— Ulugʻbek oromgoh miqyosida oʻtkazilgan yosh rassomlar tanlovida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi, — deydi “Neftchi” bosh tarbiyachisi Saodat Jumayeva. — Umuman olganda, olim Qoraqalpogʻistondan kelib dam olayotgan oʻgʻil-qizlarning bari intiluvchan, isteʼdodli. Ularning oʻqib-oʻrganishga ishtiyoqi balandligi shundoq sezilib turibdi. Bolajonlarning vaqtni mazmunli oʻtkazishlari uchun oromgohimizda barcha shart-sharoit yaratilgan.
— Saodat opaning aytganicha bor, — deydi Xoʻjaylidan kelgan tarbiyachi Qurbangul Satullayeva. — Bu yerning tabiati kutganimizdan ham goʻzal ekan. Odamlarning xushmuomalasi, mehmondoʻstligini aytmaysizmi?! Bolajonlarimiz shaxmat, shashka, tennis, futbol bilan shugʻullanishmoqda. Kitob oʻqishyapti. Xorijiy tillarni oʻrganishmoqda. Ashula va raqs, rassomlik toʻgaraklarida qatnashyapti. Basseynda choʻmilishyapti. Kuniga besh mahal toʻyimli va sifatli ovqat... Homiy korxona – Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan sanitariya-gigiyena vositalari, yozbop kiyimlar berildi. Aytmoqchi, tumanimizni Buxoro viloyati oʻz otaligʻiga olgan. Hozir Xoʻjaylida buxoroliklar tomonidan yoʻllarni asfaltlashtirish, tabiiy gaz quvurlari tortish, infratuzilma obyektlari barpo etish ishlari olib borilmoqda. Yaqinda Xoʻjaylida Buxoro madaniyat kunlari oʻtkazildi. Bularning hammasi uchun minnatdormiz.
Aytish joizki, ayni damda xoʻjaylilik 200 nafar oʻgʻil- qiz Buxoro viloyatining eng soʻlim maskanlari sanalgan “Yosh aloqachi”, “Neftchi”, “Yosh paxtakor” oromgohlarida miriqib hordiq chiqarmoqda.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Olimlar saratondan ham oʻlim xavfi ikki baravar yuqori boʻlgan kasallik haqida maʼlum qilishdi
- “Eshonxoʻja ota” masjidi imom-xatibi Avazxoʻja Bahromov lavozimidan ozod etildi va 3 sutkaga qamaldi
- AQSH boy berilgan hududlarni Ukrainaga qaytarishga erishish niyatida ekanligini maʼlum qildi
- Transport vazirlari “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishini muhokama etishdi
- Davlat rahbari yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatladi
- 2-fevraldan boshlab barcha hududlardagi AGTKSHlar faoliyati bosqichma-bosqich tiklanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring