Xovosda kannabis yogʻining taqdimotiga bagʻishlangan texnologik koʻrgazma oʻtkazildi

12:57 29 Noyabr 2022 Jamiyat
275 0

Foto: Xalq so‘zi

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-iyundagi “Sirdaryo viloyatida agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Xovos tumanida Birlashgan Arab Amirliklarining “Industrial Innovation Group LLC” kompaniyasiga tegishli “RS Success Agro” biotexnologik industrial agrokompleksi tashkil etilgan edi.

Sanoatbop kannabis oʻsimligining seleksiyasi va urugʻchiligidan tortib, uni qayta ishlash va tayyor eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishgacha boʻlgan qoʻshimcha qoʻshilgan qiymat zanjiri yaratilgan ushbu korxonada bugungi kunda 226 nafar kishi doimiy va 66 nafar kishi mavsumiy ish bilan taʼminlangan.

Kuni kecha biotexnologik industrial agrokompleksi tomonidan 2022-yil hosilidan olingan “Leodar” kannabis yogʻining taqdimotiga bagʻishlangan texnologik koʻrgazma oʻtkazildi. Unda Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Mahmudaliyev va Birlashgan Arab Amirliklarining Oʻzbekistondagi elchisi doktor Said Matar Al-Qamziy va boshqalar ishtirok etdi. Ishga tushirilayotgan loyiha oʻzining noyob texnologik ustunliklari va yuqori ishlab chiqarish quvvati bilan alohida ajralib turishi, qolaversa, Oʻzbekistonda ushbu yoʻnalishdagi ilk loyiha ekani taʼkidlandi.

Ishlab chiqarilgan kannabis yogʻi uchun Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining xavfsizlik xulosasi, shuningdek, Xitoy, AQSH, Shveysariya, Slovakiya, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Germaniya sertifikatlashtirish muassasalarining sifat va xavfsizlik sertifikatlari olingan. Mutaxassislar tomonidan ushbu mahsulotda tetragidrokannabinol moddasi mavjud emasligi alohida qayd etilgan.

Koʻrgazma davomida kannabis yogʻini quyish, mahsulotni sterilizatsiya qilish, yopish, qadoqlash va yorliqlash uchun avtomatlashtirilgan liniyaning ishlashi namoyish etildi. Ilgʻor texnologik liniyalar eng yuqori mahsulot sifatini taʼminlash va yogʻning barcha foydali xususiyatlarini saqlab qolish imkonini beradi. Liniya soatiga 1 500 ta shisha idishni toʻldirib, qadoqlaydi.

Kompaniya bosh direktori Robiya Ibragimovaning soʻzlariga koʻra, mahsulotni yaratish eng yaxshi urugʻni tanlash bilan boshlanadi. Oʻsimliklar innovatsion tizim yordamida tomchilatib sugʻoriladi. Zamonaviy texnika hosilni ehtiyotkorlik bilan yigʻib oladi. Yogʻni olishda sovuq presslash usuli qoʻllaniladi. Bu mahsulotning barcha foydali moddalarini termal va kimyoviy ishlov bermasdan saqlab qolishga imkon beradi.

Ahmadali SHERNAZAROV,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?