Xotin-qizlar jamiyat rivojining muhim boʻgʻinidir

12:53 23 Avgust 2022 Jamiyat
835 0

Foto: Халқ сўзи

Xalqning ertasini, oydinlarini ayollar tarbiyalaydi. Onalar millat kelajagini ilm-fanda, maʼrifatda koʻradi. Bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri ham xotin-qizlarini ilmli qilishdir. Yurtimizda bu borada bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, xotin-qizlarni oliy taʼlimga koʻproq jalb qilish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, zamonaviy kasblarga yoʻnaltirish jadal surʼatlarda boʻy choʻzyapti. Oʻtgan yillar oraligʻida jamiyatda ayollar rolini oshirish, ehtiyojmand oilalar qizlari uchun “ijtimoiy lift” tamoyili asosida xotin-qizlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini kengaytirish maqsadida alohida grant oʻrinlari ikki barobarga oshirilgan edi. Joriy yilda ham bu ezgu tashabbus davom ettirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida xotin-qizlarning taʼlim olishlarini qoʻllab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori eʼlon qilindi. Ushbu qarorda taʼlim tashkilotlarida oʻqishni istovchi xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga doir aniq vazifalar belgilab berilgan. Mazkur qarorga asosan 2022/2023-oʻquv yilidan boshlab respublikadagi barcha xususiy, xorijiy va davlat oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shaklida xotin-qizlarning toʻlov-kontrakt asosida tahsil olishlari uchun imtiyozli taʼlim kreditlari ajratish koʻzda tutilmoqda. Foiz stavkasi yuqori boʻlmagan va oʻqishni tugatgandan soʻng soʻndiriladigan bu imtiyozli kreditlar oʻqish istagidagi millionlab qizlar uchun katta imkoniyatdir. Yaʼni ushbu kreditni talabaning rasmiy oʻqish muddati tugagandan soʻng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytarilishi belgilab qoʻyildi.

Har yili koʻplab qiz-ayollar aynan toʻlov shartnoma asosida oʻqishga qabul qilinadilar, ammo moddiy toʻsiqlar tufayli oʻqishni davom ettira olishmaydi. Afsuski, qizlarni oliy va professional taʼlimga jalb etish borasida oxirgi yillargacha yirik qadamlar tashlanmagani ham ayni haqiqat. Ammo soʻnggi yillarda aynan xotin-qizlarni taʼlimga jalb etish boʻyicha yirik loyihalar amalga oshirilyapti. 2020-yilda oliy taʼlim muassasalariga grantlar sonini ikki barobar oshirish, xususan, qizlar uchun alohida grantlar ajratish belgilandi. 2021−2022 oʻquv yilida OTMlarga qabul qilishning davlat buyurtmasiga oid prezident qarori loyihasiga koʻra tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun 2000 nafar qoʻshimcha davlat granti ajratish koʻzda tutildi. Yangi oʻquv yilidan boshlab esa magistraturada oʻqiyotgan qizlar kontrakt puli toʻliq byudjetdan qoplab beriladi. Qolaversa, har bir viloyatda ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yoʻqotgan 150 nafar qizlar (jami 2,1 ming nafar) taʼlim kontrakti mahalliy byudjetdan toʻlab beriladi. Bundan tashqari doktorantura yoʻnalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi. Bu kabi imtiyoz va qulayliklar eng avvalo, millat onalarini oʻqimishli va ziyoli qilish, Vatan kelajagi haqida qaygʻurish, uchinchi renessans poydevorlarini mustahkamlash yoʻlidagi muhim omildir.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti talabalarining katta qismini aynan xotin-qizlar tashkil etadi. Ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, sifatli taʼlim olishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish universitet jamoasining asosiy maqsadlaridan biridir. Umid qilamizki, yaqinlashib kelayotgan yangi oʻquv yilida ham yurtimizning koʻplab yoshlari, aqlli va zukko qizlari, universitetimiz talabalari safiga qoʻshiladilar.

Gulnoza Joʻrayeva,

ToshDOʻTAU xotin-qizlar kengashi raisi, 

filologiya fanlar doktori.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?