Xotin-qizlar taʼlimini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan dastur ishlab chiqiladi

09:12 04 Mart 2022 Jamiyat
1758 0

Arxiv surat

Keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarga qaratilgan alohida eʼtibor va gʻamxoʻrlik sabab, “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi” sari tamoyili asosida ulugʻ maqsadlarni koʻzlab amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida shijoatli, fidoyi opa-singillarimiz faol ishtirok etib, Vatanimiz ravnaqi va taraqqiyoti uchun munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

Xususan, ijtimoiy, siyosiy strategiyalarda xotin-qizlarning toʻliq va teng huquqli ishtiroki taʼminlanmoqda. Davlat organlarining barcha boʻgʻinlarida qaror qabul qilish jarayonidan tortib, uni hayotga tatbiq etish jarayonigacha ular bevosita ishtirok etmoqda.

Shuningdek, joylarda har bir ijtimoiy koʻmakka muhtoj xotin-qizlar bilan manzilli ishlash maqsadida 2020-yildan boshlab “Ayollar daftari” tashkil etildi. Ayni kunga qadar unga kiritilgan 900 mingga yaqin xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik koʻmak koʻrsatildi. Ushbu daftarga kiritiladigan ayollar roʻyxatini shakllantirish va unga kiritilgan xotin-qizlar muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlarini tizimli oʻrganish, tahlil qilish va hal etish borasidagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashkil etildi.

Bugungi kunda ushbu kengash tomonidan xotin-qizlarning taʼlim va kasbiy koʻnikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama koʻmaklashish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini toʻgʻri yoʻnaltirish hamda hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda xotin-qizlarga koʻrsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish hamda ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini taʼminlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Bugun Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yuksak choʻqqilariga eltuvchi ulkan maqsad va vazifalarni oʻz oldiga maqsad qilib olgan. Ushbu maqsadlarni amalga oshirishda esa, xotin-qizlarning oʻrni har qachongidana ortib bormoqda. Shu bois, kuni kecha davlatimiz rahbari boshchiligida oʻtkazilgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimi hamda ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida ham bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan vazifalar belgilab berildi.

Xususan, har bir mahalla kesimida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshiriladigan ishlarni oʻz vaqtida va samarali taʼminlash maqsadida Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tashkil etildi. Ushbu qoʻmitaga oʻz faoliyatini Respublikamizning barcha hududida toʻlaqonli amalga oshirishi uchun Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda “Ayollar daftari” jamgʻarmasini mustaqil boshqarish vakolati va yurtimizdagi 9 309 ta mahalla raisining xotin-qizlar va oila boʻyicha oʻrinbosari lavozimlari qoʻmita tizimiga oʻtkazib berilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, yigʻilishda 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida ham ayollarga munosib sharoit yaratish, ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan bir qator yoʻnalishlar belgilanganligi, ayollarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab xususiy sektorda rasmiy ishlayotgan ayollarga homiladorlik nafaqasini davlat tomonidan toʻlash tizimini yoʻlga qoʻyilishi maʼlum qilindi. Buning uchun esa, joriy yilda byudjetdan 200 milliard soʻm, 2023-yilda esa 1 trillion 700 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi.

Yana bir muhim yangilik, bu kelgusi oʻquv yilidan boshlab, magistraturada oʻqiyotgan qizlarning kontrakt pullari toʻliq byudjetdan qoplab berilishi hamda taʼlim kontraktlarini toʻlash uchun qizlarga ilk marotaba 7 yil muddatga foizsiz kredit berish tizimining joriy etilishi boʻldi. Ushbu tashabbus minglab oilalar va ularda istiqomat qilayotgan xotin-qizlarning koʻngliga quvonch va yorugʻlik olib kirdi.

Sababi, bugungi kunda ming afsuski, oilada va jamiyatda zoʻravonlikka uchrab kelayotgan xotin-qizlarning koʻpchiligi, hayotda oʻz kasbiga ega boʻlmagan, oʻqimagan ayollar boʻlib qolmoqda. Endilikda, oʻqib taʼlim olish hamda oʻzi qiziqqan sohaning yetuk mutaxassisi boʻlishni istagan har bir xotin-qiz taʼlim olib oʻz kelajagini qurish imkoniyatiga ega boʻladi.

Shuningdek, boʻlgʻusi onalarimizning bilimli va dunyoqarashi keng shaxs sifatida tarbiyalanishi, bizning buyuk xalq boʻlib shakllanishimizda, Oʻzbekiston oʻz oldiga maqsad qilgan Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, ertangi kunimizning egalari boʻlgan yoshlarni har tomonlama yetuk boʻlib tarbiyalanishida onalarimizning oʻrni beqiyos.

Muxtasar qilib aytganda, jamiyatda xotin-qizlarga koʻrsatilayotgan alohida eʼtibor va gʻamxoʻrlik yaqin kelajakda oʻz natijasini koʻrsatadi. Sababi, ayol rahbar va kadrlar nafaqat oʻzlari kabi minglab onalar, opa-singillar dardini tinglab muammolarini hal qilishi, shu bilan birga, ular jamiyatdagi hech bir adolatsizlikka befarq qarab tura olmaydi. Ularning tizimli qoʻllab-quvvatlanishi esa, oilalarimiz farovonligi, jamiyatimiz taraqqiyoti va yurtimiz ravnaqi yoʻlida muhim qadam hisoblanadi.

Oltinoy MAMIROVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?