“Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” tanlovining final bosqichi ishtirokchilari Buyuk Britaniyaga taʼlim sayohatiga yuboriladi

17:10 04 Avgust 2022 Jamiyat
388 0

Illustrativ foto

AOKAda oʻtkazilgan Prezident sovrini uchun “Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” tanlovining tashkil etilishi va oʻtkazilishiga bagʻishlangan matbuot anjumanida Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi direktori Sanjar Obidov tanlovning final bosqichi ishtirokchilarining 70 nafari Buyuk Britaniyaga sayohat uchun yuborilishini aytdi.

Prezident qarori (PQ — 5117-sonli) qaroriga binoan Prezident sovrini uchun “Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” tanlovi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Chet tilini ommalashtirish agentligi tomonidan xalq taʼlimi tizimidagi maktab oʻquvchilari oʻrtasida 2021-2022- oʻquv yilidan boshlab tashkil etilgan. Tanlovning tuman, viloyat bosqichlarida 7-9-sinf oʻquvchilaridan tuzilgan 5 kishigacha boʻlgan jamoa shaklida oʻtkazilib kelinayotgan ushbu tanlov uchun davlat byudjetidan 54 trillion soʻm mablagʻ ajratilgan.

— Bolajonlarimizga yana bir ajoyib sovgʻamiz bor. Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan tanlovning hozirgi final bosqichida ishtirok etayotgan 70 nafar bola, ular gʻolib boʻladimi, boʻlmaydimi bundan qatʼi nazar va ularning 14 nafar oʻqituvchilari bilan birga davlat byudjeti hisobidan shu yilning oxirigacha Buyuk Briyaniyaga taʼlim sayohatiga yuboriladi. Bu ham tarixda — birinchi marta — dedi Sanjar Obidov

Shuningdek, tanlovning respublika bosqichi uchun sinov testlari Cambridge assessment tashkiloti bilan hamkorlikda  tuzilgan. 

Buyuk Britaniyaga yuborilayotgan oʻquvchilar Cambridge universitetida professor oʻqituvchilarning master klasslarida ishtirok etadi hamda London shahrining tarixiy obidalariga sayohatga olib chiqiladi

Maʼlumot uchun, tanlov keyingi yillarda ham ham anʼanaviy tarzda oʻtkazilib kelinadi.

Eslatib oʻtamiz, tanlovning final bosqichi 3-5- avgustgacha 3 kun davomida boʻlib oʻtadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?