Xorijiy OTMda toʻlov-kontrakt asosida oʻqiyotgan Prezident maktablari bitiruvchilariga subsidiya beriladi

15:19 03 Iyun 2022 Jamiyat
361 0

Hukumat qarori (300-son, 02.06.2022-y.) bilan “Yangi Oʻzbekiston” universitetining iqtidorli talabalariga davlat grantini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga koʻra, davlat granti “Yangi Oʻzbekiston” universitetining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kunduzgi taʼlim shaklida tahsil oladigan talabgorlar uchun ajratiladi.

Davlat granti quyidagilarga taqdim etiladi:

— xalqaro darajadagi tegishli dasturlar (International Baccalaureate, Advanced Placement, International Advanced Levels) diplomi yoki sertifikatiga ega Prezident maktablari bitiruvchilariga;

— Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun ajratiladigan qabul parametrlariga muvofiq kirish imtihonlari asosida ushbu maktablar bitiruvchilariga;

— Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO), Xalqaro fizika olimpiadasi (IPhO), Xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO), Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO), Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) gʻoliblariga;

— Universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball toʻplagan Oʻzbekiston fuqarolariga;

— Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlariga.

Davlat grantini olgan talabalar Universitetni tamomlagach Prezident taʼlim muassasalari agentligi yoʻllanmasiga asosan egallagan mutaxassisligi boʻyicha respublikadagi tashkilotlarda 5 yilgacha ishlab berish majburiyatini oladi.

Shuningdek qaror bilan, Oʻzbekistondagi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga subsidiya berish tartibi belgilandi.

Bunda Prezident maktablari bitiruvchilariga toʻlov-kontrakt summasining BHMning 100 baravarigacha qismi qoplab beriladi.

Talabgorlar oʻquv yilining 15-dekabrigacha Agentlikka ariza bilan murojaat qiladi (oʻqishga qabul qilinganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma va toʻlov-kontrakt shartnomasi ilova qilinadi).

Subsidiya olgan talabalar Universitetni tamomlagach Agentlik yoʻllanmasiga asosan egallagan mutaxassisligi boʻyicha respublikadagi tashkilotlarda 5 yilgacha ishlab berish majburiyatini oladi.

Magistratura yoki doktoranturada oʻqish davom ettirilgan taqdirda, ushbu muddat magistratura yoki doktoranturada oʻqish davri tugagandan soʻng boshlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?