Xorijiy investitsiyalar ishtirokida 31 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi

11:54 13 Yanvar 2021 Iqtisodiyot
219 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining 2021-2023-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining Investitsiya dasturi boʻyicha umumiy qiymati 469,0 mln dollarlik 31 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, 2021-yilning oʻzida jami 327,6 mln dollar oʻzlashtiriladi, shundan 215,0 mln dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobiga moliyalashtiriladi. Ushbu yirik loyihalar asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy, Fargʻona, Surxondaryo, Jizzax, Samarqand, Buxoro va Toshkent viloyatlarida hamda  Toshkent shahrida amalga oshiriladi.

Eng yirik loyihalardan biri “Qizilqumsement” AJda hayotga tadbiq etilmoqda. Korxonada umumiy qiymati 126 mln dollar boʻlgan klinker ishlab chiqarish yangi 4-liniyasi ishga tushiriladi. Natijada korxona yillik sement ishlab chiqarish quvvati 2,2 mln tonnaga ortib, jami 5.5 mln tonnaga yetkaziladi. Hozirda aksiyadorlik jamiyatida qurilish-montja ishlari bajarilmoqda, asbob-uskunalar buyurtma asosida xorijda tayyorlanmoqda. Navoiy viloyatida shuningdek, “PETRAWOOL” MCHJ QK da bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarish (umumiy qiymati 18,2 mln dollar), Tomdi tumanida “Mega kvars” MCHJda kvars qumini qazib olish va qayta ishlash (umumiy qiymati 3,9 mln  dollar) kabi loyihalar ishga tushuriladi.

Mamlakatimizning Shimoliy hududi boʻlmish Qoraqalpogʻiston Respublikasida qoʻshimcha yiliga 1 mln tonna sement ishlab chiqarish boʻyicha “Qoraqalpoqsement” MCHJ QKda qiymati 50 mln AQSH dollarlik yirik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi, yaʼni korxonaning 3-bosqichi foydalanishga topshiriladi. Bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgach sement  ishlab chiqarish quvvatlari 1,4 mln tonnaga yetadi va 100 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratiladi.  

Fargʻona viloyatida qurilish materiallari ishlab chiqarish boʻyicha 5 ta loyihaga 50 mln dollarlik investitsiyalar jalb qilinadi. Natijada, “Knauf Gips Fergana”  xorijiy korxonasida gipsokarton listlari, “Azamat savdo Ziyo” va “Ulugbek export trade” jamiyatida mix va burama mixlar, “Flat Tile” jamiyatida keramogranit va metallogranit, “Agro Impex Valley” jamiyatida metal konstruksiyalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Sanoatlashgan Toshkent viloyatida ham koʻplab investitsiya loyihalari amalga oshirilyapti. Xususan, hududda joriy yilda quvvati 30 ming tonna boʻlgan kvars qumidan mineral plitalar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega yangi korxona ishga tushuriladi. Shuningdek, linoleum, avtoklav gazobeton bloklari, olovbardosh gʻishtlar, burama mixlar, asfalt va temir-beton buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar foydalanishga topshiriladi.

“Oriyent keramiks” jamiyati  tomonidan Toshkent shahrining Sergeli tumanida yiliga 9,0 mln. kv. metr keramik plitkalar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega yangi korxona barpo etilmoqda. Shuningdek, poytaxtda “ALMUS” jamiyatida ham 6,0 mln dollar investitsiya hisobiga  yogʻoch qirindi plitalarni laminatsiya qilish, “GRAND ROAD TASHKENT” jamiyati tomonidan tabiiy pardozbop toshlarni qayta ishlash orqali yiliga 80 ming kv.metr plitalar ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilayapti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?