Xorijdagi fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

22:07 31 Mart 2023 Jamiyat
496 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi hamda Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda “Xorijiy mamlakatlarda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan Tashqi ishlar vazirligi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining axboroti eshitildi.

Taʼkidlanganidek, hozirgi kunda xorijiy mamlakatlarda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha 38 ta xorijiy davlatlardagi Oʻzbekiston Respublikasining 37 ta diplomatik vakolatxonalari va 17 ta konsullik muassasalari faoliyat yuritib kelmoqda.

Oʻtgan 2022-yil davomida xorijdagi yurtdoshlarimizga konsullik yordamini koʻrsatish sohasida 212.079 ta harakatlar amalga oshirilgan boʻlsa, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan 78.815 ta konsullik-huquqiy xizmati koʻrsatilgan.

Xususan, 23.340 ta xorijga chiqish biometrik pasportlari va xorijda hujjatsiz qolib ketgan fuqarolar uchun 38.697 ta Oʻzbekistonga qaytish guvohnomalari rasmiylashtirilgan. Shuningdek, 1.103 ta fuqarolik huquqiga oid sud va tergov topshiriqlarining ijrosi taʼminlangan. 47.057 ta rasmiy hujjatlar legallashtirilib, apostil qilingan boʻlsa, 1.246 ta vatandoshlarimizning Oʻzbekiston fuqaroligiga mansubligi aniqlangan va 757 ta sudlanmaganlik toʻgʻrisida hujjatlar talab qilib olingan.

Qolaversa, 1.860 ta eski turdagi haydovchilik guvohnomalari yangisiga almashtirilib, 4.666 ta fuqarolikdan chiqish va fuqarolikni yoʻqotish yuzasidan hujjatlar koʻrib chiqilgan holda, 673 nafar yoshlarga 98.531 AQSH dollari miqdorida moddiy yordam koʻrsatilgan.

Shuningdek, xorijiy mamlakatlarda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yengillik yaratish, ularning vaqt hamda transport xarajatlarini qisqartirish maqsadida 32 turdagi konsullik xizmatlarining 16 tasi toʻliq raqamlashtirildi. Xususan, “Interaktiv konsullik xizmatlari”, “Ye-fuqaro”, “Pasport” va “Ye-notariat” axborot tizimlari yaratildi.

2022-yil davomida Rossiyada boʻlib turgan fuqarolarimizning haydovchilik guvohnomasini almashtirish hamda xorijdagi yurtdoshlarimiz va chet el fuqarolariga elektron raqamli imzo kaliti sertifikatini berish kabi yangi konsullik xizmatlari joriy etilgan.

Xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalar yordamida 306 ta yirik ish beruvchilar va rekruting agentliklari bilan muzokaralar olib borilib, ularning 112 tasi bilan shartnomalar tuzildi va jami hamkorlik shartnomalari soni 509 taga yetgan.

Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida xorijda turli ogʻir hayotiy vaziyatlarga tushib qolayotgan fuqarolarimiz bilan bogʻliq vaziyatlar kunlik monitoring qilinmoqda. Aniqlangan barcha holatlar yuzasidan diplomatik vakolatxonalar tomonidan tezkor yordam koʻrsatilmoqda.

Yigʻilishda kun tartibidagi ushbu masala yuzasidan Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining axboroti ham tinglandi.

Axborotda keltirilganidek, ayni vaqtda mehnat migrantlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligida alohida boshqarma, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida “Call-markaz”, 1282-ishonch telefoni, Rossiyada 16 ta, Janubiy Koreya, Qozogʻistonda va Turkiyada 1 tadan vakolatxona va vakillik ofislari faoliyat koʻrsatmoqda.

Vazirlik va Agentlik ishchi guruhlarining oʻtgan 2022-yilda 18 marotaba, joriy yilning yanvar oyida 4 marotaba xorijga amalga oshirilgan xizmat safarlarida 11 mingdan ortiq mehnat migrantlari sharoitlari oʻrganilib, muammolarini hal etish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatilgan.

Tahlillarga koʻra, ishga muhtoj boʻlganlar 1,3 mln kishini, ishsizlik darajasi oʻrtacha 8,9 foizni, xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan mehnat migrantlari soni 2,1 mln. kishini, ularning 596,1 ming nafari xotin-qizlarni, 748,4 ming nafari yoshlarni tashkil etgan.

Shuningdek, Oʻzbekiston va xorijiy mamlakatlar oʻrtasida hamkorlik geografiyasini kengaytirish maqsadida 2022-yilda xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning vakolatli tashkilotlari bilan birgalikda 95 ta tadbir oʻtkazildi va hamkorlik masalalari yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Eshituv davomida deputatlar qilingan ishlarni eʼtirof etib, vatandoshlarimizning huquq va erkinliklarini himoya qilish, xorijiy davlatlarda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish tartiblari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni fuqarolarga yetkazib berishdagi targʻibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish lozimligini qayd etdilar.

Yigʻilishda kun tartibidagi masala yuzasidan qoʻmitalarning tegishli qoʻshma qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?