Xorijda ochilgan saylov uchastkalari faoliyati qoniqarlimi?

10:14 04 Dekabr 2019 Jamiyat
939 0

Arxiv foto

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chet davlatlarda ochilgan saylov uchastkalari faoliyatini qonunchilik talabiga binoan tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratilyapti. Bu xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizning saylovga oid konstitutsiyaviy huquqini roʻyobga chiqarishda muhimdir.

MSKning navbatdagi yigʻilishida ana shu masalaga alohida toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, Anqara shahridagi Oʻzbekiston elchixonasi bilan oʻrnatilgan videokonferensaloqa orqali mamlakatimizning Turkiya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher Aʼzamxoʻjayevning axboroti tinglandi.

Elchining maʼlum qilishicha, Anqara va Istanbul shaharlarida ochilgan saylov uchastkalari faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining saylov qonunchiligiga muvofiq tashkil qilingan. Ayni chogʻda saylovchilar roʻyxatini tuzish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Saylovchilarga xorijda ovoz berish borasida yaratilgan qulaylik haqida keng tushuntirish berilyapti. Taxminlarga koʻra, Turkiyada yashayotgan 90 foizdan ortiq hamyurtlarimiz saylovda qatnashadi.

Yigʻilishda nogironligi boʻlgan shaxslarning oʻz saylov huquqlaridan teng, faol va toʻsiqsiz foydalanishini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish masalasi ham koʻrib chiqildi. Mazkur masala Markaziy saylov komissiyasi bilan Oʻzbekiston nogironlar jamiyati, Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyati va Oʻzbe¬kiston karlar jamiyati oʻrtasida shu yil 27-sentyabr kuni imzolangan ikki tomonlama kelishuvlarga mosdir.

Tadbirda saylov kampaniyasini yoritish yuzasidan mamlakatimiz va chet el jurnalistlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish ishi izchil davom etayotgani ham taʼkidlandi. Hozirgi kungacha akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari 254 tani, shunday vakolatga ega boʻlgan xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari 85 tani tashkil qildi.

Oʻz navbatida, Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga muvofiq, MDH Parlamentlararo Assambleyasi kuzatuvchilar missiyasining 28 nafar hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi kuzatuvchilar missiyasining 65 nafar xalqaro kuzatuvchisi akkreditatsiyadan oʻtkazildi.

Majlisda Markaziy saylov komissiyasi vakolatiga kiradigan ¬boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Rahim ShERQULOV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер