Xorijda mahkum etilgan shaxslarni O‘zbekistonga qabul qilish choralari takomillashtirilmoqda

10:23 24 Oktyabr 2024 Siyosat
467 0

Foto: Yunus Boʻriyev, Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-prosessual kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Qonunda ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni ular jazo o‘tashini davom ettirish uchun, shuningdek ruhiy kasallikka chalingan shaxslarni majburiy davolash uchun berish va qabul qilish asoslari, shartlari hamda rad etish to‘g‘risidagi qoidalarni kiritish nazarda tutilgan.

Qonun xorijiy davlatlar sudlari qarorlarini tan olish va ijroga qaratish tartibi, shaxslarni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar va boshqa masalalarga doir qoidalarni qamrab olgan.

Qonunda mahkumlarni jazoni o‘tashni davom ettirish yoxud ruhiy kasallikka chalingan shaxslarni majburiy davolash uchun O‘zbekiston Respublikasiga qabul qilish to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi ham aniq belgilanmoqda.

Mazkur qoidalar belgilanishi milliy qonunchilikda mahkumlarni topshirish tartibining normativ-huquqiy asosini shakllantirib, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalar bo‘yicha o‘zining majburiyatlarini yanada to‘liq darajada ijro etishiga imkoniyat beradi.

Muhokama davomida Qonun mahkumni unga belgilangan jazoni o‘z davlatida o‘tashi orqali uni ijtimoiy reabilitatsiya qilishni jadallashtirishga, shuningdek, xorijdagi fuqarolarning huquqiy himoya qilinishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Foto: Yunus Boʻriyev, Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?