Xorijda 3 oydan koʻp boʻlib qaytgan oʻzbekistonliklar OIVga majburiy tekshiriladi
Illyustrativ foto
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 8-iyuldagi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi, “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi hamda “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi qonunlarga bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taklif qilinmoqda.
Xususan, qonun loyihasi bilan uzluksiz toʻqson kun va undan ortiq muddat davomida chet elda boʻlib qaytgan oʻn sakkiz yoshdan oltmish yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikamizga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish belgilanmoqda.
Shuningdek, uzluksiz toʻqson kun va undan ortiq muddat davomida chet elda boʻlib qaytgan oʻn sakkiz yoshdan oltmish yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi boʻlmagan shaxslar OIVga majburiy tibbiy tekshiruvdan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar hamda Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari esa – oʻz mablagʻlari, ish beruvchining mablagʻlari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan oʻtkazilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni borayotgan davlatining qonunchiligi, unda boʻlish qoidalari boʻyicha oʻqitishni tashkil etish va zarur materiallar bilan taʼminlash majburiyatini xususiy bandlik agentliklarining litsenziya shartlaridan biri etib belgilash ham taklif etilmoqda.
Deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi inson salomatligi uchun xavf tugʻdiruvchi yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishga, aholi salomatligini muhofaza qilishga, mehnat migratsiyasi jarayonlarida ijtimoiy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha taʼsirchan huquqiy mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring